2020-yilgi harbiy to‘ntarish natijasida hokimiyatdan chetlatilgan Mali sobiq prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta 76 yoshida vafot etdi, deb xabar beradi Reuters agentligi.

Foto: EPA

Keytaning sobiq maslahatchisi u Mali poytaxti Bamakodagi uyida vafot etganini ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, Keyta bir necha yil oldin insultni boshidan o‘tkazgan. So‘nggi vaqtda esa davolanish uchun tez-tez xorijga chiqib turgan.

Ibrohim Keyta Malini 2013-yildan 2020-yilga qadar boshqargan, bu davrda mamlakatda etnik to‘qnashuvlar boshlangan.

2020-yil avgust oyida Goita Malidagi harbiy to‘ntarish va prezident Ibrohim Bubakar Keyta hukumatdan uzoqlashtirilganidan keyin milliy qutqaruv komissiyasi raisiga aylangandi. 2021-yil may oyida harbiylar Malining vaqtinchalik prezidenti Bax Ndau hamda bosh vazir Moktar Uanni hibsga oldi. Ushbu voqeadan ma’lum vaqt o‘tgach ular iste’fo berdi.

May oxirida Mali Konstitutsion sudi polkovnik Assimi Goytani mamlakatning vaqtinchalik prezidenti deb e’lon qilgan.