Rossiya va G‘arb munosabatlaridagi keskinlik kuchaygani fonida Kanada maxsus xizmatlarining bir qismi Ukrainaga joylashtirildi. Bu haqda Global News telekanali o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.

Foto: Twitter / Canadian Forces

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, gap “Kanada maxsus kuchlari polkining kichik kontingentini” jo‘natish haqida ketmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, bu “NATO ittifoqchilarining Rossiya tomonidan Ukrainaga nisbatan amalga oshirilayotgan tajovuzini ushlab turishga urinish va Ukraina hukumatiga yordam ko‘rsatish yo‘lini aniqlab” olishga qaratilgan. Bundan tashqari, maxsus kuchlar “keng ko‘lamli bosqinlar” amalga oshirilgudek bo‘lsa, kanadalik diplomatlarni evakuatsiya qilishga yordam beradi.

Rasmiylar Global News’ning ushbu ma’lumotlarini rasman tasdiqlamagan.

“Kanada maxsus operatsiya kuchlari qo‘mondonligi Ukraina xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengroq harbiy sa’y-harakatlarni amalga oshirishning bir qismidir”, — deydi qo‘mondonlik matbuot kotibi Ember Bino. Uning qo‘shimcha qilishicha, kanadalik instruktorlar ukrainalik harbiylarni 2020-yildan buyon o‘qitib keladi.

Global News ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yilda mamlakat Kiyevga 700 million dollarga yaqin yordam ajratgan.

Avvalroq Kanada hukumati “Rossiya tajovuzkorligi” sabab o‘z fuqarolarini Ukrainaga bormaslikka chaqirgandi.

Eslatib o‘tamiz, 13-yanvar kuni “Interfaks” Pentagon rahbari Lloyd Ostin Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov bilan muzokara o‘tkazgani haqida xabar berdi, ular Rossiya–Ukraina chegarasi yaqinida Rossiya qo‘shinlarining to‘planishi masalasini muhokama qilgan.

Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrainalik hamkasbi bilan Rossiyaning Ukraina yaqinida harbiy jihatdan sababsiz va davomli kuchayishini muhokama qilgan. Ostin AQShning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini, jumladan, mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.

Shuningdek, tomonlar keskinlikni yumshatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi va yaqindan hamkorlikni davom ettirishga intilishini bildirgan.