Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 18-yanvar kuni hozirda ish faoliyati to‘xtatilgan kafe yonib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, shu kuni soat 18:08 da Beshyog‘och ko‘chasida joylashgan kafeda yong‘in sodir bo‘layotgan to‘g‘risida shahar FVBga murojaat kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 18:15 da yetib borib, yong‘in soat 18:30 da qurshab olingan va soat 18:33 da bartaraf etilgan.

Yong‘in natijasida bino ichidagi, taxminan, 50 kvadrat metr maydonda chiqindilar yongan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.