Qamchiq dovonidan o‘tgan A-373 avtomobil yo‘lining 193—253-kilometrlari oralig‘ida qor yog‘moqda, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati. Ta’kidlanishicha, vazirlik xodimlari yo‘lni qordan tozalash va muzlamalar hosil bo‘lishining oldini olish ishlarini muvofiqlashtirib bormoqda.

Kadr: Telegram

“Qamchiqavtoyo‘l”ning ma’lum qilishicha, qor yog‘ib turgan paytda dovonda transport vositalarining beto‘xtov ikki tomonlama harakatlanishi ta’minlash uchun yo‘llarni qordan tozalash ishlari bajarilmoqda. Transport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlanyapti.

“Yo‘llarda ko‘rish uzoqligi 50 metrni, havo harorati 2 daraja sovuqni, namlik 76 foizni tashkil etmoqda. Shamol tezligi 9-19 metr/soniya. Qamchiq dovoni yo‘lidan yuradigan haydovchilardan barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishlarini tavsiya qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lining Taxtaqoracha dovoni 19-yanvar kuni soat 07:15 dan vaqtincha yopilgani, tegishli choralar ko‘rilib, dovondagi avtomobil yo‘li qordan tozalanishi natijasida harakatlanish soat 09:00 dan qayta tiklangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” Qamchiq dovonida kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishidan ogohlantirgan, O‘zbekistonning ayrim hududlarida 19-yanvar kuni qor yog‘ishi mumkinligini e’lon qilgandi.