Amirsoy dam olish maskanidagi kanatlar oldiga 19-yanvar kuni kechga tomon katta masshtabda qor ko‘chkisi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi voqea yuzasidan rasmiy axborot berdi.

Foto: FVV

Qayd etilishicha, 2022-yil 19-yanvar kuni soat 16:30 larda Toshkent viloyati Chimyon tog‘ hududining dengiz sathidan 2300-3000 metr balandlikda qor ko‘chish holatlari kuzatilib, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda to‘xtagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qor ko‘chkisi, taxminan, 60 000 metr/kub hajmni tashkil qilishi aniqlangan. Ushbu hodisa Chimyon tog‘ hududining ichkari qismida, aholi yashash joyidan, taxminan, 4-5 kilometr yuqorida sodir bo‘lgan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ma’lumot kelib tushmagan.

Hozirda barcha xavfsizlik choralari ko‘rilib, fuqarolarning hududga kirmasligi va harakatni cheklash maqsadida qo‘shimcha belgilar o‘rnatilmoqda.