Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 19-yanvar kuni kuchli shamol ayrim ignabargli daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib tushirdi, deb xabar qilmoqda Telegram’dagi “UzbMeteo” kanali.

Foto: Telegram / @UzbMeteo

Qayd etilishicha tumanning Qo‘ytosh ShFY hududida esgan kuchli shamol noyob turdagi 25 ta archa daraxtlarni yiqitgan.

Foto: Telegram / @UzbMeteo

“O‘zgidromet”ning “G‘allaorol” kuzatuv stansiyasida 19-yanvar kuni soat 12:30 da g‘arbiy yo‘nalishdagi shamol tezligi 12 metr/sekund, kuchayganda 25 metr/sekund tezlikda esgan.

Foto: Telegram / @UzbMeteo

Avvalroq “O‘zgidromet” 19-yanvar, chorshanba kuni qanday ob-havo kuzatilishini ma’lum qilgandi. Unda “Jizzax viloyatida havo o‘zgarib turadi, yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanishi mumkin. Shamol g‘arbdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, ba’zi joylarda 17-22 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi va kunduzi 3-8 daraja iliq bo‘ladi”, deyilgan edi.