O‘zbekiston maktablarida 24-yanvardan boshlab ta’lim onlayn shaklda boshlanadi, deya xabar qilmoqda Xalq ta’limi vazirligi.

“Koronavirus infeksiyasining yangi shtammi bolalar va yoshlar o‘rtasida tarqalish xavfini oldini olish hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining takliflaridan kelib chiqib 24 yanvardan boshlab maktablardagi ta’lim jarayoni bir oy muddat davomida onlayn shaklda olib boriladi.

Masofaviy shaklda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun Milliy teleradiokompaniyaning telekanallari hamda “Onlayn maktab” telegram kanali orqali berib boriladi. “Onlayn maktab” loyihasi doirasida beriladigan darslar jadvali kunlik ravishda “Onlayn maktab” Telegram-kanali orqali e’lon qilib boriladi.

Fursatdan foydalanib, Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan farzandlarini uydagi xavfsizligi va sog‘ligini ta’minlagan holda “Onlayn maktab” loyihasi doirasida efirga uzatiladigan darslarni kuzatib borishlarida amaliy yordam berishlarini so‘raydi.

Shu o‘rinda bugungi murakkab vaziyatdan chiqib ketishning yagona yo‘li bu vaksinatsiya, shu bois sizlardan o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini himoya qilish uchun vaksinatsiya jarayonlarida faol qatnashishingizni so‘rab qolamiz”, – deyiladi vazirlik xabarida.