Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 19-yanvar kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Interfaks”. Ta’kidlanishicha, tomonlar Ukrainaning Yevroatlantikaga intilishlarini muhokama qilgan.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

“Mazkur uchrashuv AQSh mustaqilligimiz va suverenitetimizni kuchli qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlaydi hamda Ukraina bo‘yicha hech qanday qaror Ukrainasiz qabul qilinmasligi haqidagi asosiy tamoyilni yana bir bor tasdiqlaydi”, — deya davlat rahbarining matbuot xizmati Zelenskiydan iqtibos keltiradi.

Ma’lum qilinishicha, Zelenskiy davlat kotibi orqali AQSh prezidenti Jo Baydenga Qo‘shma Shtatlar tomonidan xavfsizlik bilan bog‘liq chaqiriqlar fonida ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirgan.

Prezident ofisining xabar berishicha, suhbat chog‘ida tomonlar Ukrainadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat va mavjud muzokara formatlari doirasida ko‘rilgan choralar, shuningdek, vaziyatni siyosiy va diplomatik tartibga solishning boshqa usullari yuzasidan fikr almashgan.

“Biz muzokaralarning barcha formatini faollashtirishni va Normand sammitini o‘tkazishga yo‘l ochishni istaymiz”, — deydi Zelenskiy.

U Donbassda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kun bo‘yi saqlanib qolayotgani va hafta davomida birorta ham ukrainalik harbiy halok bo‘lmagani muhimligini ta’kidlagan.

“Ukraina prezidenti tinchlikka erishish uchun zarur barcha ishni qilishini qayd etdi. Buning uchun Ukraina qator tashabbuslarni ilgari surgan, jumladan, ular uch tomonlama aloqa guruhi doirasiga kiritilgan”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, uchrashuv davomida xavfsizlik va mudofaa sohasidagi ikki tomonlama aloqalar ham batafsil muhokama qilingan. Jumladan, prezident Ukraina Qurolli kuchlari imkoniyatini yaxshilash bo‘yicha Amerika yordamining kuchaytirilayotgani muhimligini ta’kidlagan. “Tezkor qadam tashlash uchun armiyani modernizatsiya qilishga yordam kerak, ayniqsa, hozirgidek qiyin davrda”, — deydi davlar rahbari.

U, shuningdek, Yevroatlantika intilishlarini qo‘llab-quvvatlash masalasini, xususan, Ukrainaning Madriddagi NATO sammitidan kutayotganini ko‘tarib, Rossiya Federatsiyasiga qarshi profilaktik sanksiyalar joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, u yevroatlantik intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, xususan, Ukraina NATOning Madriddagi sammitidan nimalarni kutayotganiga oid masalani ko‘targan va Rossiyaga nisbatan ogohlantiruvchi sanksiyalar joriy etish zarurligini ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, Zelenskiy “Shimoliy oqim-2” geosiyosiy qurol ekani va Ukraina hamda Yevropa energetika xavfsizligiga tahdid tug‘dirishini ta’kidlagan. Suhbatdoshlar, shuningdek, Ukrainadagi o‘zgarishlarni amalga oshirishning hozirgi holatini muhokama qilgan va ichki siyosiy vaziyatga oid masalalarni ko‘targan.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina bilan chegarada Rossiya qo‘shinlarining to‘plangani haqidagi ma’lumotlar oktabr oyida G‘arb OAVlarida paydo bo‘lishni boshlagan. Noyabr oyi o‘rtalarida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy chegarada 100 ming Rossiya qo‘shini borligini ma’lum qilgan. AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirishi” 2022-yil boshida sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Moskva bu ma’lumotlarni rad etib, Ukrainadagi harbiy harakatlarga tayyorgarlik haqidagi xabarlarni “quruq, asossiz keskinlik” deb atamoqda. Qolaversa, Rossiya G‘arb davlatlaridan NATOning sharqqa tomon kengaymasligi, Ukraina esa bu tashkilotga qabul qilinmasligi haqida kafolat talab qilgan.