Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchi Miraziz Bozorovga sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud.

Qayd etilishicha, u Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Mazkur hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar tomonidan esa ularga hukmning nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida shu sud orqali Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat berishlari yoki prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lgan faollar 28-mart kuni o‘z noroziliklarini bildirish maqsadida Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni oldida to‘plangandi. Keyinroq Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati LGBT faollariga qarshi norozilik holatidan so‘ng 12 kishi ushlanganini ma’lum qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sherbek Bo‘ronov, Gulbahor Saidg‘aniyeva va Gulruh Agzamova so‘nggi kunlarda Toshkentda yuz bergan voqealarga o‘z munosabatlarini bildirdi.

Miraziz Bozorovning o‘zi Telegram-kanalida uchta bloger nomini ta’kidlab o‘tgan. Ular – Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy), Shuhrat Musayev va Abusolih Salimov (AbuSolih Fox). Bozorovning ta’kidlashicha, ushbu uch bloger o‘z obunachilarini unga qarshi “qo‘zg‘agan”.

U, shuningdek, aytilgan blogerlardan biri uning manzilini “o‘ldirishga chaqiriq bilan” e’lon qilganini da’vo qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tahdidlar to‘g‘risida huquqni muhofaza qilish idoralariga qilgan murojaatlariga e’tibor berilmagan.

Deputat Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotiga qarshi “yumshoq jazo”ni kuchaytirishga, Rasul Kusherbayev esa provokatorlarga chora ko‘rishga chaqirdi. Keyinroq LGBT huquqlarini himoya qilgan bloger Miraziz Bozorov o‘z uyi oldida do‘pposlab ketilgani ma’lum qilindi.

Ushbu mojarolar haqida 30-mart kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham munosabat bildirib, xalqaro tashkilotlarni O‘zbekiston yoki boshqa har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishga chaqirdi. AOKA esa LGBT mojarolari hamda shu bilan bog‘liq voqealar yuzasidan bloger va ijtimoiy tarmoq faollariga murojaat qildi.

Bundan tashqari, BMT Toshkentda sodir bo‘lgan “xavotirli voqealar”ni xolis tergov qilishga chaqirdi. Keyinroq Miraziz Bozorovga nisbatan ayblov e’lon qilindi.