Moldova prezidenti Mayya Sandu hukumat aholi uchun gaz tariflari oshishini to‘liq qoplay olmasligi, shuning uchun fuqarolar energiyani oqilona iste’mol qilishi kerakligini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant”. Moldovada gaz uchun pul yetishmayotgani sabab ikki oyga favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

Foto: Sputnik

Sandu mamlakat fuqarolariga murojaatida gaz va boshqa energiya tashuvchilar narxining oshishi maishiy iste’molchilar zimmasiga “og‘ir yuk” bo‘lishi bilan birga, mamlakat iqtisodiyotiga ham ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda “bozordagi vaziyat normaldan ancha uzoq”. “Biz energiyani oqilona iste’mol qilishni o‘rganishimiz, yashayotgan uylarimizda issiqlik izolyatsiyasini qilishimiz kerak, jamoat muassasalarida energiyani tejashimiz darkor — faqat shu yo‘l bilan isitish va yoritish uchun xarajatlarni kamaytira olamiz”, — deydi u.

Moldova prezidenti respublika energiya tashuvchilar importidan boshqa an’anaviy energiya manbalari yo‘qligi sabab voz kecha olmasligini tushuntirgan. “So‘nggi paytlarda bizda energiya va muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha barcha turdagi mutaxassislar paydo bo‘ldi. Kelinglar, hokimiyatni yo‘qotishdan jabr ko‘rayotgan populist va korrupsionerlar bizni aldashiga yo‘l qo‘ymaylik. Boy davlatlar — bu ko‘p xarajat qiladiganlar emas, balki oqilona sarflaydiganlar”, — deydi Sandu.

“Gazprom” Moldova joriy oy uchun avans to‘lamasa, gaz yetkazib berishni uzib qo‘yishi bilan tahdid qilgan. 20-yanvar kuni “Moldovagaz” Rossiya kompaniyasiga 34,4 million dollar to‘lagan. Moldova “Gazprom” oldidagi qarzini to‘lashga gaz narxining oshgani sabab qiynalgan.

Avvalroq Financial Times gazetasi Moldovaga Rossiyadan gaz yetkazib berish qariyb uchdan birga qisqarganini xabar qilgandi. Shu bilan birga, uning narxi o‘tgan oyda 1000 kubometr uchun 550 dollardan oshiq bo‘lgan bo‘lsa, oktabrda 1000 kubometr uchun 790 dollargacha ko‘tarilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan taxminan besh barobar ko‘p. Natijada Moldova Yevropa Ittifoqidan Ruminiya orqali favqulodda gaz yetkazib berishni so‘ragan.