AQSh administratsiyasi Boltiq bo‘yi mamlakatlariga Ukrainaga Amerikada ishlab chiqarilgan tankka qarshi va zenit raketa majmualarini yetkazib berishga ruxsat berdi. Shuningdek, AQShning o‘zi Ukrainaga beshta “Mi-17” harbiy-transport vertolyotini yuborishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Wall Street Journal gazetasi.

Foto: AP Photo

Javalin va Stinger tizimlarining reeksporti uchun Estoniya, Litva va Latviyaga ishlab chiqaruvchi hamda qurol yetkazib beruvchi sifatida AQSh sanksiyasi kerak edi.

“AQSh NATO a’zosi bo‘lgan Boltiq bo‘yidagi uchta mamlakatga Amerikada ishlab chiqarilgan qurollarni Ukrainaga yetkazib berishi uchun ruxsat berdi… Bu kabi qaror Estoniya, Litva va Latviyaga Javelin tankka qarshi majmualari hamda Stinger havo hujumiga qarshi tizimlarini Ukraina kuchlariga jo‘natish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, administratsiya, shuningdek, Kongressni Ukrainaga Rossiyada ishlab chiqarilgan va dastavval Afg‘onistondagi harbiylar uchun mo‘ljallangan beshta “Mi-17” vertolyotlarini yetkazib bermoqchiligi haqida ogohlantirgan.

Vashington bir necha bor AQSh va ittifoqchilari Ukraina atrofida vaziyat keskinlashgan taqdirda, Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etishga tayyorligini bildirgan. Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda, Vashington unga qarshi ilgari e’lon qilingan sanksiyalarning birortasini, jumladan, SWIFT banklararo mablag‘ o‘tkazish tizimidan uzib qo‘yish variantini ham istisno qilmasligini aytgan.