Har bir ijodkor kino san’atidagi reytingi va mehnatiga yarasha haq oladi. Bundan tashqari, gonorar miqdorini belgilashda, rolning katta-kichikligi va murakkablik darajasiga ham alohida e’tibor beriladi. Xo‘sh, o‘zbek aktyorlari orasida kimlar ko‘p gonorarga loyiq ko‘riladi?

Kino yo‘q, serialchilarning esa oshig‘i olchi

Bir necha yil avval kinochilarining davri kelgandi. Kinoijodkorlarning topishi ham u qadar yomon emasdi. Afsuski, keyingi yillarda xususiy kinolarga bo‘lgan talab anchayin sustlashdi, kinoteatrlardagi namoyishlar ham kamaydi. Ayrimlar bu holatga uzoq davom etgan pandemiya davri sabab bo‘ldi, deyishadi. Boshqalar esa internet tarmog‘ining jadal sur’atda rivojlanishi kino va teatr san’ati faoliyatiga sezilardi darajada ta’sir etganini vaj qilib ko‘rsatishadi.

— Ilgari kinoaktyorlarining davri kelgandi. Seriallarda suratga tushadigan ijodkorlarga past nazar bilan qarashlariga ham guvoh bo‘lganman. Hozir esa aksincha, serialchilarning oshig‘i olchi. Shu bois ba’zan aktyorlar o‘ziga yoqmasa-da, serialda rol ijro etishga majbur bo‘lyapti. Chunki O‘zbekistonda davlat filmidan tashqari, kino olinayotgani yo‘q, — deydi aktrisa Bahora Arslonova.

Javohir Zokirov

Foto: Instagram

Hozirgi kunda o‘zbek kinosidagi eng qimmat aktyor Javohir Zokirov hisoblanadi. Uning bir ijodiy kuni 500 AQSh dollariga baholanadi. Ammo aktyorni rolga ko‘ndirish, u bilan hamkorlik qilish oson emas. Ijodkorning o‘ziga xos fe’l-atvori va prinsiplari bor.

Bobur Yo‘ldoshev

Foto: Instagram / @boburyuldash

Keyingi o‘rinni Bobur Yo‘ldoshev band etgan. Uning kunlik gonorar miqdori 400-500 AQSh dollarini tashkil etadi. U bilan ishlash u qadar qiyin emas. U suflyorga zarurat tug‘ilmasligi uchun ssenariyni yod oladi va suratga olish maydonchasiga o‘z vaqtida keladi.

Yigitali Mamajonov

Foto: Instagram / @alimamadzhanov

Yigitali Mamajonovni odatda jang sahnalari bor filmlarga taklif etishadi. Chunki u yaxshi aktyor bo‘lishi bilan birga, kaskadyorlik vazifasini ham bajara oladi. Shu bois uning gonorari u qadar kam emas: kuniga 300-400 AQSh dollarini tashkil etadi.

Muhammadiso Abdulhairov

Foto:Instagram / @muhammadiso_abdulhairov

Komik aktyor Muhammadiso Abdulhairov suratga tushgan filmlar o‘z tomoshabinini topadi. Shu bois ijodkor mehnatiga yarasha haq berishlarini so‘rab, kunlik gonorarini 300 AQSh dollari etib belgilagan. Chegirmalar deyarli yo‘q!

Adiz Rajabov

Foto: Instagram / @adiz_radjabov

O‘zbek kinolarida ancha kamnamo bo‘lib qolgan aktyor Adiz Rajabov qirg‘iz va yapon kinoijodkorlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bundan tashqari, ayni kunlarda “Qora quti” nomli serialda ham suratga tushmoqda. Uning kunlik gonorari 200-300 AQSh dollarini tashkil etadi.

Azamat Ahrorov

Foto: Instagram / @azamat_axrorov

Aktyor Azamat Ahrorov o‘zga rejissorlar bilan hamkorlik qilishni istamaydi. Shu bois rejissor sifatida film va seriallar yaratib, bosh rolni o‘zi ijro etadi. Ssenariy ma’qul bo‘lgan filmlarga esa 200 AQSh dollaridan kamiga rol o‘ynamaydi.

Umid Iskandarov

Foto: Instagram / @umidiskandarov

Aktyor Umid Iskandarovning kunlik gonorari 200 AQSh dollarni tashkil etadi. Bu narx kliplarga biroz qimmatlashishi mumkin.

Shohruh Hamdamov

Foto: Instagram / @shoxruxkhamdamov

Keyingi paytlarda film, serial va kliplarda yetakchilikni qo‘lga olgan aktyor Shohruh Hamdamovning gonorari ham havas qilgudek. Uning ijodiy kuni 100-150 AQSh dollariga baholanadi.

Shahzod Sultonov

Foto: Instagram / @shakkhzod_sultonov

O‘zi film va seriallar suratga oladigan aktyor Shahzod Sultonovning kunlik gonorari 100 AQSh dollarini tashkil etadi. Ammo u kamdan kam hollarda boshqa ijodkorlar bilan hamkorlik qiladi. U ijrochi ijodkor bo‘lishdan ko‘ra, ularni boshqarishni ma’qul ko‘radi.

Alixon

Foto: Instagram / @alikhanofficial

Sportchi aktyor Alixon ham filmlarda ancha faol. Uni, asosan, salbiy rollarga taklif etishadi, o‘ziga xos ko‘rinishi sabab uning gonorari ham qat’iy belgilangan. U 100 AQSh dollardan kamiga suratga tushmaydi.

Bu ro‘yxatga Ulug‘bek Qodirov va Alisher Uzoqov ham kiritilishi kerak edi. Chunki ular bir necha yillardan buyon eng “qimmat” o‘zbek aktyorlari safida peshqadam bo‘lishgan. Afsuski, Ulug‘bek Qodirovning AQShga ko‘chib ketgani va Alisher Uzoqovning filmlarda suratga tushmayotgani sabab bugungi ro‘yxatga kiritolmadik.

Gonorar borasida aktyorlarning fikrini bilishga harakat qildik. Afsuski ular berilayotgan gonorarlardan qoniqmasliklarini yashirishmadi.

Javohir Zokirov: “Bu borada gaplashishni istamayman!”

Foto: Instagram

— Xafa bo‘lmang-u, o‘zbek xalqi o‘z aktyorlarini “ko‘tarish”ni yomon ko‘rishadi. Agar aktyor juda katta pul oladigan bo‘lsa, yana narxini oshiraveradi, deb hisoblashsa kerak. Menimcha, aktyorlarga nisbatan bunday munosabat faqat bizda bo‘lsa kerak. Chunki boshqa mamlakatlarda aktyorning ishiga qarab, pul to‘lashadi. Rossiyada shartnomalar bilan shug‘ullanadigan agentim bor, u hammasini o‘zi hal qiladi. O‘zbekistonda ham agent yollamoqchi bo‘ldim. Ammo o‘ylab qarasam, oladigan pulim agent yollashga arzimaydi. Gonorarlar juda kam, bizda o‘z aktyorlariga emas, boshqalarga ishonch bildirishni yaxshi ko‘rishadi, — deydi aktyor Javohir Zokirov.

Bobur Yo‘ldoshev: “Rossiyadagi gonorarim ancha baland”

Foto: Instagram / @boburyuldash

— Gonorar nisbiy tushuncha, shu bois hech qachon uni qat’iy belgilamayman. Davlat filmlarida saviya ancha yuqori, ularda miriqib ijod qilish mumkin. Shu bois davlat filmlarida gonorarga talashib-tortishmayman. Ammo xususiy film yoki seriallarga taklif etishsa, o‘z talabimni qo‘yaman. Chunki men ishimga mas’uliyat bilan yondashadigan, rol uchun tayyorgarlik ko‘radigan ijodkorman. “Suflyor aytib tursin, so‘zimni yodlamaganman”, deyishga uyalaman. Rol uchun tayyorgarlik ko‘rgandan keyin shunga yarasha haq ham olishimiz kerak.

Ishonchim komilki, O‘zbekistonda aktyorlarga beriladigan gonorar miqdori ancha kam. Masalan, rossiyalik agentim bir kunlik syomka uchun 1 500-1 700 AQSh dollariga shartnoma qiladi. Chunki agentlar qancha ko‘p pulga shartnoma qilishsa, o‘zi ko‘proq manfaat topadi. Bizda esa bu tizim hali yo‘lga qo‘yilmagan. Sho‘rlik aktyorlar rol o‘ynash bilan birga, moliyaviy masalalarni ham hal qiladi, — deydi Bobur Yo‘ldoshev.

Yigitali Mamajonov film olayotganlarning “o‘yini”ni biladi

Foto: Instagram / @alimamadzhanov

— Beriladigan gonorar kimni ham qoniqtiradi?! Ammo qo‘limizdan nima ham keladi, deb qanoat qilyapmiz. Bu aktyor qimmat, deb gap tarqatadiganlarning o‘zida ayb. Chunki ular harakat qilib, yaxshi film olishsa, aktyorga to‘lanadigan puldan 100 barobar ko‘proq daromad olishlari mumkin. 2011-yili “Yozsiz yil” filmida “eshakdek” sovuqda ishlab 870 ming so‘m gonorar olganman. Hozir esa avvalgidan gonorarim ancha baland. Ammo hali ham bitta filmda ishlab 400 AQSh dollari topadigan aktyorlar ham yo‘q emas. O‘z qadrini bilgan va film olayotganlarning “o‘yini”ni bilgan aktyor o‘z gonorarini belgilab qo‘yadi. Chunki aktyorlik ba’zilar o‘ylagandek, oson ish emas.