Promouter Don King haqiqiy boks afsonasi edi. U ringda aql bovar ishlarni qilmasa-da, arqon ichidagi voqealarning qiziqarli o‘tishini ta’minlardi. Mayk Taysoni “ko‘targan” ham, “sindirgan” ham aynan u bo‘ladi — bu u haqidagi eng mashhur fakt. Hozir u promouterlik qilmaydi, ammo 1970-yillarning o‘rtalaridan to 2000-yillarning boshlarigacha tom ma’noda boks olamini boshqargan.

Don King — odatiy firibgar va kichik shaharcha gangsteri bo‘lib, u “temir qo‘l”i bilan 500 dan ortiq jahon chempionligi janglarini tashkillashtirgan hamda yuzga yaqin mijozlarini millionerga aylantirgan.

Foto: Getty Images

Don King bolaligidan boksga qiziqqan, biroq u birinchi jangidayoq nokautga uchragan

Donald King 1931-yilning 20-avgustida Klivlendda (AQShning Ogayo shtatidagi shahar) tug‘ilgan. U Klarens va Hetti King oilasida olti farzandning beshinchisi edi. Oila bazo‘r kun kechirardi: ularni faqat po‘lat zavodida ishlaydigan Klarens boqardi. Bo‘lajak promouter atigi 10 yoshdaligida otasi zavoddagi baxtsiz hodisa tufayli vafot etadi.

Bilim olish Kingni unchalik ham qiziqtirmasdi, shuning uchun u ilingan ish bilan shug‘ullanib ketaverardi. Do‘sti bilan birga yeryong‘oq, uy-ro‘zg‘or buyumlarini sotardi, birjada o‘ynardi. Ammo bularning hech qaysisi unga aytarli daromad keltirmasdi.

20 yoshida u o‘ziga biznes topdi, buning natijasida King birinchi katta pullarini topadi. U qimor o‘yinlarini tashkil qila boshlaydi. Ogayo shtatida bunday narsalar noqonuniy hisoblanar edi, lekin o‘sha paytdayoq King bu qoidalarga tupurib qo‘ygandi. Avvaliga Don oddiy lotereya budkasini ochadi, bir muncha vaqt o‘tgach esa o‘z kazinosiga ega bo‘ladi. O‘shandayoq u mutlaqo qonuniy bo‘lmagan biznes bilan shug‘ullanadigan mahalliy jinoyatchilar orasida hurmatga sazovor bo‘lgandi.

“Qiroldek yashash menga tinchlik bermasdi. Bu orzum edi. Jamiyatning boy qatlami qanday yashayotganini ko‘rgandim. Restoranlar, qimmatbaho taqinchoqlar, go‘zal ayollar va hokazo. Men ham shu narsaga intilardim. Ulardan nimam kam?”, — deya yodga olgandi King o‘z tarjimai holida.

Foto: Getty Images

1954-yilda Donald hayotidagi birinchi qotilligini amalga oshirdi. Kingning o‘yin nuqtalaridan birida o‘g‘rilik sodir bo‘ladi, Don o‘g‘rini “samosud” qiladi. Garchi bundan oldin u noqonuniy faoliyati uchun yigirma martacha hibsga olingan bo‘lishiga qaramay, bu qilmishi uchun hech qanday jazo olmaydi. Sudda King o‘zini himoya qilish uchun harakat qilganini isbotlab beradi.

King boks bilan shug‘ullanib kelardi. Avvaliga Don o‘zini sportchi sifatida sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi, ammo natija unchalik ham qoniqarli chiqmaydi: Klivlenddagi “Oltin qo‘lqoplar” musobaqasida u birinchi jangidayoq nokautga uchraydi.

“Men yuzlarni bejab qo‘yishim mumkin edi. Juda ko‘p burun va jag‘larni sindirgandim, lekin yomon bokschi edim. Qo‘lqoplar mening qo‘llarim uchun emas edi, ularga faqat uzuk yarashardi”, — degandi King.

1966-yilga kelib, Don ikkinchi marta odam o‘ldiradi. U biznes sherigini kassadan 600 dollar o‘g‘irlaganlikda gumon qilib, o‘lar darajada kaltaklaydi. Sudda King sherigining o‘zi unga hujum qilganini va faqat o‘zini himoya qilganini aytadi. Guvohlar esa Donning marhumni shafqatsizlarcha kaltaklaganini ma’lum qiladi. Natijada advokat bu oldindan rejalashtirilmagan qotillik ekanligini isbotlashga muvaffaq bo‘ladi — King bor-yo‘g‘i 4 yil qamoq jazosini oladi.

King Muhammad Ali tufayli promouterga aylangan. Taysondan oldin Don uni qora tanli birodari deb atardi va oq tanlilarga ishonib bo‘lmasligini aytardi

Ammo Kingning faoliyatidagi asosiy voqea 1960-yilda sodir bo‘ladi. O‘shanda u Muhammad Ali bilan uchrashadi, bu paytlari uning ismi hali Kassius Kley edi. Bokschi endigina Rimdagi Olimpiadada g‘alaba qozongan edi, ammo Kley kutilgan hurmatga ega bo‘lmaydi. Amerikada irqiy kamsitishlar yo‘qolmagan vaqt — Kassius restoranlarga va boshqa muassasalarga kiritilmaydi. Ammo King bu paytga kelib Klivlendda restoranga egalik qilardi, u yerda Aliga hech qanday taqiq yo‘q edi.

Shu paytdan boshlab ularning do‘stligi boshlanadi. Don Muhammadning boks salohiyatidan hayratda edi va uning karyerasini diqqat bilan kuzatib borardi. Shuning uchun u o‘z biznesini soyadan chiqarish va boks musobaqalarini tashkil etish haqida o‘ylaydi. To‘g‘ri, o‘sha ikkinchi qotillik aynan shu vaqtda sodir bo‘lgandi, lekin 1971-yilda qamoqdan chiqqanidan keyin King nima qilishini aniq bilardi.

Don 1972-yilda Alini xayriya tadbirida ishtirok etishga ko‘ndiradi: Klivlend kasalxonalaridan biri yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgandi. Muhammad esa o‘sha paytda allaqachon yulduz darajasiga chiqqandi, shuning uchun tandem osongina 80 ming dollar yig‘ib, o‘zi uchun yaxshi imij yaratib oldi.

Foto: Getty Images

King tashkillashtirgan birinchi jang tarixdagi eng zo‘r bellashuvlardan biri bo‘lgan — Muhammad Ali va Jorj Forman o‘rtasidagi Zairdagi (hozirgi Kongo DR) duel, “Junglidagi shovqin”, 1974-yil 30-oktabr. Bu Afrikada o‘tkazilgan og‘ir vazn toifasidagi birinchi chempionlik jangi edi.

Hatto Ali intervyu chog‘ida King bilan “katta qora ish” qilayotganini aytgandi. Ammo hammasi juda oddiy edi — Don imkon qadar ko‘proq pul undirishni xohlagandi. AQShda ikki qora tanli o‘rtasidagi mushtlashuv uchun hech kim 12 million dollar to‘lashni xohlamagan. Zairni o‘shanda diktator Mobutu Sese Seko boshqarardi va u mamlakat tarixidagi eng dahshatli fuqarolik urushlaridan birini boshlagandi. King esa uni bunday masshtabdagi katta jang diktatorning imijini yaxshilashiga ishontirdi. Jangni bir milliarddan ortiq odam tomosha qildi va tadbirning o‘zi kutilganidan ham muvaffaqiyati chiqdi. Don esa o‘zining birinchi 2 million dollarini ishlab oldi.

Bir yildan kamroq vaqt o‘tgach, King “Maniladagi triller”ni tashkil qiladi, bu Ali va Jo Freyzer o‘rtasidagi uchinchi jang edi. AQShdan tashqaridagi janglar soliqlardan qochishga yordam berishi bilan ham ahamiyatli edi.

King bokschilarni talon-taroj qilardi, ammo hamma uning yoniga yugurib borishda davom etardi

King bokschilarga shartnoma bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan summani kam to‘lashini hamma bilardi, shunga qaramay, hech kim u bilan hamkorlikni to‘xtatmasdi. Buning sababini Donning mijozlaridan biri, og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Larri Holms juda aniq ta’riflagandi: “Oddiy promouter sizga million dollar beradi, yaxshi promouter uch million. Don King esa sizga o‘n million dollar va’da qiladi va besh million o‘g‘irlaydi, lekin siz baribir foydada bo‘lasiz”.

Don bokschilarni talon-taroj qilishni Muhammad Alidan boshladi. 1980-yilda Ali Kingning Larri Holmsga qarshi jang qilish haqidagi iltimosiga rozi bo‘ladi. Jangda Muhammad og‘ir jarohatlar olib, yutqazadi va kasalxonaga yotqiziladi. Bularning barchasi Alining o‘limiga sabab bo‘lgan Parkinson kasalligining rivojlanishiga sabab bo‘lgani ehtimoli yuqori.

King bu jangdan 2 million dollar ishlab oladi. Ali suddan 1,1 million undirib berishni talab qildi, ammo King Aliga kasalxonaga 50 ming dollar bilan advokatini yubordi, buning uchun Muhammad barcha da’volardan voz kechishi kerak edi. Aftidan, Aliga tibbiy to‘lovlarni to‘lash uchun shuncha pul juda kerak bo‘lgan, shuning uchun u barcha hujjatlarga imzo chekib beradi.

Foto: “Daryo”

Kingning sxemasini Tim Uizerspun misolida kuzatish mumkin. Bokschi Don va uning asrab olingan o‘g‘li Karl bilan bir vaqtning o‘zida bir emas, bir nechta shartnoma imzolaydi. Karl menejer sifatida ishlardi.

Birinchisi, Don King uni reklama qilib beradi. Ikkinchisi, Karl King bilan shartnoma. Ushbu kelishuvlarga ko‘ra, Tim Karlga gonorarining 33 foizini, Donga esa 50 foizini to‘lagan. Shartnomalardan biri hatto bo‘sh bo‘lgan: promouter unga xohlagan narsasini yozishi mumkin edi. Uizerspun Larri Holmsga qarshi jang uchun 150 ming dollar olishi kerak edi, biroq bor-yo‘g‘i 52 ming dollar oladi. Greg Peyj bilan jang uchun esa bokschi 250 ming dollar o‘rniga 44 ming dollar bilan cheklanadi.

HBO Kingga Uizerspun va Frenk Bruno jangi uchun 1,7 million dollar to‘lagan. Bu 2 million dollarlik duelning kassasidan tashqari pul edi. Timning gonorari 500 ming dollarni tashkil qiladi va u o‘zini allaqachon boyvachcha sifatida ko‘rardi, lekin uyga kelganida, uni 90 minglik chek kutayotgan edi. Bundan g‘azablangan Uizerspun Kingni sudga beradi. Talab qilinadigan kompensatsiya miqdori 25 million dollarni tashkil qilardi. King Uizerspunga sudgacha 1 million dollar to‘lab berdi, xolos.

Larri Holms esa kamtarin hisob-kitoblarga ko‘ra, King bilan hamkorlik davomida 10 million dollar yo‘qotganini da’vo qiladi. O‘shanda King Holmsga 150 ming dollar tovon to‘laydi va ommaviy axborot vositalarida promouter haqida salbiy gap aytmaslik haqidagi shartnomani imzolatadi.

Kas Damato Taysonni kashf qilgan, lekin King uni yirtqich hayvonga aylantiradi

Ali boksni tark etganidan so‘n King unga millionlarni olib keladigan yangi yulduzni qidirishni boshladi. Bu Mayk Tayson edi. Don iste’dodli bokschi haqida Taysonni qotillik mashinasiga aylantirgan odam — Kas Damatoning o‘limidan oldin ham bilar edi. Tabiiyki, Kas promouter haqida yetarlicha ma’lumotlarga ega bo‘lib, Maykni uning ta’siridan iloji boricha himoya qilardi. Hamma narsani Taysonning buyuk murabbiyi va menejeri Jim Jeykobsning o‘limi o‘zgartirib yuboradi.

Avvaliga Tayson Kingning asosiy raqobatchisi Bob Arum bilan shartnoma imzolamoqchi bo‘lgan, biroq u xuddi Ali bilan bo‘lgani kabi hiyla ishlatadi: “Oq tanlilarga ishonib bo‘lmaydi, men sening qora birodaringman, seni hech qachon talon-taroj qilmayman”. Bu Kingning deyarli barcha mijozlari bilan ishlatgan firibgarligi edi, uning qo‘l ostida oq tanli bokschilar deyarli bo‘lmagan.

Aka-uka Klichkolar uning oq tanli mijozlari bo‘lishi ham mumkin edi, ammo 90-yillarning o‘rtalaridayoq King o‘z jangchilarini “uxlatgani” haqida afsonalar yurardi. Don o‘zining eng katta boyligini katta trio — Evander Holifild, Lennoks Lyuis va Mayk Tayson davrida qo‘lga kiritdi.

Foto: Getty Images

Tayson Trevor Berbikka qarshi kechgan jangda chempionlik unvonini qo‘lga kiritgandan (1986-yil) so‘ng King o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida sayyoradagi eng dahshatli odamning promouteri bo‘lgan. Ammo Tayson jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib, qamoqqa tushganidagina kim bilan o‘ralashib qolganini tushundi: qiyin moliyaviy ahvolda bo‘lgan Mayk advokatlari va iqtisodchilaridan hisob raqamini tekshirishni so‘radi, ammo faqat qarzlarnigina topdi.

Aniqrog‘i, King Taysonga 100 million dollardan ko‘proq to‘lamagan. Don Maykni mashhur qildi, lekin ruhiy tomondan sindirdi. Tayson yanada tajovuzkor bo‘lib, har xil janjallarga duch kelardi. Don bularning barchasini bitta maqsadda ishlatardi: bokschidan iloji boricha ko‘proq pul chiqarish.

“Men Don King bilan o‘ralishib qolgandim. U jirkanch va chirigan odam edi. Aslida u qora tanli birodarim bo‘lishi kerak edi. U juda yomon odam. King bir dollar uchun o‘z onasini ham o‘ldiradi. U hech kimni seva olmaydi, shunday tug‘ilgan. Do‘stimning aytishicha, aktivlarimning katta qismi o‘g‘irlangan, shuning uchun bankdagi hisoblarimni tekshirdim. Pul yo‘q edi. Kingning yuziga borini aytdim, u esa hammasini rad etdi. Keyin oq tanli keksa ayollar oldida uning abjag‘ini chiqardim. U mendan 100 million dollar olib qo‘ygandi. Sudda summaning ozgina qismi qaytarildi — 20 yoki 30 million”, — deya eslagandi Tayson King haqida.

Mayk faqat 1998-yilga kelib, “qullik” shartnomasidan ozod bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Bunday holat deyarli Kingning har bir bokschisi bilan sodir bo‘lgan — ular sudga murojaat qiladi, ammo talab qilinganidan ancha kam tovon puli oladi. 2000-yillarning o‘rtalariga kelib, kuchli promouter nafaqaga chiqdi. Ammo u bankrot bo‘lmagan — Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Kingning janglar tashkil qilishdan topgan umumiy daromadi milliard dollardan oshadi va Don bu pullarning katta qismini muvaffaqiyatli investitsiya qilishga ulgurgan. Birinchi navbatda, bugungi kunda ham unga daromad keltirayotgan ko‘chmas mulkka.