Ukraina Rossiya bilan harbiy mojaroga boradigan bo‘lsa, mamlakat aholisi va muhim infratuzilma obyektlarini gaz bilan 5-7 kun ta’minlay oladi, xolos. Bu kabi holat gaz tranziti to‘xtatilsa yoki tranzit gaz quvurlariga shikast yetsa, yuzaga keladi, deb xabar beradi Reuters.

Foto: Reuters

Ta’kidlanishicha, gazning qanchaga yetishi ob-havo sharoiti va boshqa omillarga bog‘liq. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, sanoatga gaz ta’minotini to‘xtatish hisobiga uni bir necha kunga uzaytirish mumkin. Shuningdek, sutkasiga 40 million kubometrgacha gaz importi varianti ham mavjud, biroq Yevropada bo‘sh resurslar mavjud emas. Yetkazib berishdagi cheklovlar elektr energiya ishlab chiqarishda muammolarni yuzaga keltiradi.

Bundan tashqari, Reuters Ukrainaning benzin va dizel importiga bog‘liqligini qayd etgan. Benzinning qariyb 50 foizi Belarusdan olib kelinadi. Qurolli kuchlar uchun muhim bo‘lgan dizel yonilg‘isining 30 foizi esa Rossiyadan yetkaziladi.

Avvalroq AQSh Davlat departamenti xodimlari Rossiya tomonidan Ukrainaga bosqinchilik harakati amalga oshirilishi mumkinligi sabab bir nechta xalqaro energetika kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Amerika administratsiyasi vakillari mojaro yuzaga keladigan bo‘lsa, Yevropaga yetkazib beriladigan Rossiya gazi o‘rnini nima bilan qoplash mumkinligiga qiziqqan. Kompaniyalar Davlat departamentiga Rossiyadan yetkazib beriladigan ta’minotni qoplash uchun resurslar yetarli emasligini ma’lum qilgan.

Avvalroq Zelenskiy AQSh davlat kotibi bilan uchrashuvda Ukraina armiyasini modernizatsiya qilishda yordam so‘ragani, Kanada maxsus kuchlarining bir qismi Ukrainaga jo‘natilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. 13-yanvar kuni Pentagon rahbari Lloyd Ostin Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov bilan muzokara o‘tkazgan edi. Ular Rossiya–Ukraina chegarasi yaqinida Rossiya qo‘shinlarining to‘planishi masalasini muhokama qilgan.

Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrainalik hamkasbi bilan Rossiyaning Ukraina yaqinida harbiy jihatdan sababsiz va davomli kuchayishini muhokama qilgan. Ostin AQShning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini, jumladan, mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.