Checheniston Oliy sudining iste’fodagi sudyasi Saydi Yangulboyev qizi Aliya bilan Rossiyani tark etdi, deb xabar bermoqda Meduza “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” inson huquqlari assotsiatsiyasiga tayanib. Avvalroq sudyaning rafiqasi Zarema Musayeva chechen xavfsizlik kuchlari tomonidan uyidan kuch bilan olib ketilgandi.

Saydi Yangulboyev qizi Aliya bilan

Foto: Telegram

Qayd etilishicha, qo‘mita Zarema Musayevaning majburiy hibsga olinishi bo‘yicha jamoatchilik tekshiruvini davom ettiradi va berilgan shikoyat yuzasidan inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi bilan hamkorlik qiladi.

Zarema aynan qayerdaligi, uning sog‘lig‘i va huquqiy ahvoli qanday ekani noma’lum.

Avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Yangulboyevlar oilasini “terrorchilarning sheriklari” deb atagan va ularni hibsga olishni, “qarshilik ko‘rsatsa, yo‘q qilishni” talab qilgandi.

Sudyaning o‘g‘li Abubakir Yangulboyev “Dojd” telekanali efirida Qodirovning so‘zlariga fikr bildirar ekan, Rossiya prezidentiga Checheniston rahbariyatini almashtirish taklifi bilan murojaat qildi.

20-yanvar kuni Saydi Yangulboyev va Zarema Musayevaning Nijniy Novgoroddagi xonadoniga o‘zlarini Checheniston huquq-tartibot idoralari xodimlarimiz deb tanishtirgan niqobli qurollangan shaxslar bostirib kirgan. Ular oilani Chechenistonga qarshi firibgarlik ishi bo‘yicha guvoh sifatida keltirish qarorini ko‘rsatgan, shundan so‘ng Musayevani kuch bilan olib ketgan. Yangulboyevning o‘zi sudyalik guvohnomasini ko‘rsatgani uchun olib ketilmagan.

Sudyaning yana bir o‘g‘li Ibragim Yangulboyevning aytishicha, ularning oilasi Checheniston hukumatini ochiq tanqid qilgan matbuot ma’muri bo‘lgani uchun ta’qib qilinmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2015-yilda uni otasi va akasi bilan birga o‘g‘irlab ketishgan va Qodirovning qarorgohiga olib borishgan. U yerda oila jumladan, Checheniston rahbarining shaxsan o‘zi tomonidan kaltaklanib, qiynoqqa solingan,

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Zarema Musayevaning o‘g‘irlanishi haqidagi voqeani “fantastik voqea” deb hisoblab, unga munosabat bildirmasligini aytdi.