Tez orada Yevropa “energetikaning noodatiy yuqori narxlariga” duch keladi va ushbu tendensiya geosiyosiy vaziyat tufayli yanada kuchayadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi energetika vazirlarining norasmiy uchrashuvi chog‘ida energiya masalalari bo‘yicha Yevropa komissari Kadri Simson aytib o‘tdi.

Foto: “RBK”

Simson so‘nggi bir necha oy ichida gazning narxi rekord darajada o‘sganini eslatdi va yanada “toza” energiya manbalariga o‘tish narxlarni pasaytirishini qo‘shimcha qildi.

“Biz gaz ta’minoti xavfsizligiga ham e’tibor qaratdik. Yilning bu davrida Yevropa Ittifoqidagi gazni saqlash darajasi odatdagidan sezilarli darajada past. Aksariyat vazirlarning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqining sharqiy chegarasidagi vaziyat bozorlarda noaniqlikni keltirib chiqarmoqda, so‘nggi oylarda esa Rossiyadan gaz oqimi sezilarli darajada kamaygan” , — dedi Yevropa komissari.

Shu bilan birga, u Yevropaning gaz infratuzilmasi ishonchli va yaxshi diversifikatsiya qilinganini, favqulodda vaziyatlar protokollarida aniq harakatlar tartibi borligini qayd etdi.

“Ammo o‘ta hushyor bo‘lishimiz, xavfga tayyorgarlikni oshirishimiz va ittifoq a’zolari o‘rtasida birdamlikni kuchaytirishimiz zarur. Komissiya mavjud milliy rejalarning maqsadga muvofiqligini ta’minlash uchun turli ssenariylarni chuqurroq tahlil qilmoqda, bunda xususan, so‘nggi o‘zgarishlar va gazni saqlash darajasi hisobga olinmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Simson.

Yanvar oyi o‘rtalarida Yevropada tabiiy gazning birja narxlari yana ko‘tarilib, ming kub metr uchun 1,1 ming dollardan oshib ketdi. Bungacha, dekabr oyi oxirida yonilg‘i narxi tarixiy maksimum darajaga ko‘tarilgandi (21-dekabrda ming kub metr uchun 2190,4 dollar), undan keyin esa 1000 dollargacha tushgan.