AQSh Davlat departamenti Rossiya bosqinchiligi xavfi tufayli Amerikaning Kiyevdagi elchixonasi xodimlari oilalariga mamlakatni tark etishni buyurdi. Bu haqda idora saytida ma’lum qilingan.

Foto: EADaily

Aynan shu sabablar bilan diplomatlar AQSh fuqarolariga Ukarinaga bormaslikni maslahat bermoqda. Amerika hukumati Moskva Kiyevga istalgan vaqtda hujum qilishi mumkin deb hisoblamoqda, shu sababli harbiy harakatlar kuchaygan vaqtda AQSh o‘z fuqarolarini Ukrainadan evakuatsiya qila olmaydi.

Davlat departamentining ta’kidlashicha, Amerika elchixonasi Kiyevdagi faoliyatini davom ettiraveradi. AQShning Ukarinadagi muvaqqat ishlar vakili Kristina Kvin va asosiy diplomatik xodimlar mamlakatda qoladi, majburiy evakuatsiya faqatgina davlat xizmatchilarining oila a’zolariga taalluqli.

Avvalroq The New York Times gazetasi 2022-yil boshida Rossiya Ukarinadan o‘zining diplomatic xodimlari oilalarining a’zolarini olib chiqib ketganini yozgandi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyevdagi elchixona va Lvovdagi konsullikdan jami 50 yaqin odam ketgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi gazetaning ushbu maqolasiga nisbatan “Rossiyaning Kiyevdagi elchixonasi shtat rejimida ishlayotganini” bildirgan.

22-yanvar kuni Bild tabloidi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Ukarinadagi elchixonasi xodimlarining oilalarini evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina bilan chegarada Rossiya qo‘shinlarining to‘plangani haqidagi ma’lumotlar oktabr oyida g‘arb OAVlarida paydo bo‘lishni boshlagan. Noyabr oyi o‘rtalarida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy chegarada 100 ming Rossiya qo‘shini borligini ma’lum qilgan. AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirishi” 2022-yil boshida sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Moskva bu ma’lumotlarni rad etib, Ukrainadagi harbiy harakatlarga tayyorgarlik haqidagi xabarlarni “quruq, asossiz keskinlik” deb atamoqda. Qolaversa, Rossiya g‘arb davlatlaridan NATOning sharqqa tomon kengaymasligi, Ukraina esa bu tashkilotga qabul qilinmasligi haqida kafolat talab qilgan.