Ukrainaga Amerika tomonidan ajratilgan harbiy yordam paketining ikkinchi partiyasi yetib keldi, deb xabar beradi “Kommersant”. Mamlakat mudofaa vaziri Aleksey Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, u 80 tonna qurol-yarog‘dan iborat.

Foto: Twitter / Aleksey Reznikov

Ta’kidlanishicha, bir kun oldin Ukrainaga yukning birinchi partiyasi — 90 tonna qurollar olib kelingan.

“Kiyevdagi ikkinchi qush! Ukraina mudofaa qobiliyatini kuchaytirish uchun AQShdagi do‘stlarimizdan 80 tonnadan ortiq qurol! Va bu oxirgisi emas”, — deb yozadi Reznikov Twitter’dagi sahifasiga.

AQSh Ukraina mudofaa ehtiyojlari uchun qo‘shimcha 200 million dollarlik yordam ajratgan edi. AQSh tomonidan 2021-yilda Ukrainaga jami 650 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatilgan. 2014-yildan buyon esa Ukraina 2,7 milliard dollarlik yordam olgan.

AQSh Davlat departamenti 24-yanvar kuni Ukrainadagi amerikalik diplomatlarning oilasini “Rossiya tomonidan amalga oshiriladigan harbiy tajovuzlar” sabab evakuatsiya qilish bo‘yicha topshiriq bergan. Kiyevdagi elchixona xodimlarining bir qismi mamlakatni o‘z xohishi bilan tark etishi mumkin. Amerikaliklarga Ukrainaga bormaslik va Rossiyaga tashrif buyurmaslik tavsiya etiladi. AQSh Rossiya “istalgan vaqtda” Ukrainaga hujum qilishi mumkinligidan xavotirda.

Avvalroq, 19-yanvar kuni Britaniya Harbiy-havo kuchlarining C-17A Globemaster III og‘ir harbiy-transport samolyoti uch kun ichida hisob bo‘yicha sakkizinchi marta Ukrainaga parvoz qilgani ma’lum bo‘lgandi. Bunga qadar, Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles parlamentdagi chiqishida, Birlashgan Qirollik Ukrainaga tankka qarshi qurollanishni yetkazib berishini ta’kdilagan edi.