“Porloq Armaniston” partiyasi rahbari Edmon Marukyan va tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Armaniston prezidentligi lavozimiga da’vogarlik qilishi mumkin, deb xabar beradi “Interfaks”.

Foto: “News.am”

“Armaniston prezidenti lavozimiga TIV rahbari Ararat Mirzoyan qiziqish bildirmoqda”, — deb yozadi “168 soat” nashri. Gazeta bilan suhbatda Marukyan saylovlardagi ishtiroki haqida “vaqti kelganda gapirishini, hozircha bunga munosabat bildira olmasligini” aytgan.

Marukyan Armaniston parlamentining muxolif deputati bo‘lgan, 2017–2019-yillarda mamlakatning amaldagi bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan bitta deputatlik blokida edi. 2021-yilda o‘tkazilgan navbatdan tashqari parlament saylovlarida uning “Porloq Armaniston” partiyasi qonunchilik organiga kira olmagan.

23-yanvar kuni Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan iste’foga chiqishini e’lon qildi. “Men uzoq o‘yladim va to‘rt yil davomida faol ishlaganimdan so‘ng respublika prezidenti lavozimini tark etishga qaror qildim. Bu qaror zarracha hissiyotga asoslanmagan, aksincha ma’lum bir mantiqdan kelib chiqadi”, — deydi u.

“Armaniston” muxolifat fraksiyasidan bo‘lgan parlament deputati Andranik Tevanyan Sarkisyan respublikadan chiqib ketganini ma’lum qilgan. Qator arman OAVlari u Londonda ekanini yozmoqda.

Armanistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari respublika konstitutsiyasiga muvofiq fevral o‘rtalarida o‘tkazilishi mumkin. Respublika prezidentini Milliy Yig‘in deputatlari saylaydi.

Ma’lumot uchun, Sarkisyan 2018-yilda parlament tomonidan davlat rahbari etib saylangan edi. 2015-yildagi konstitutsiyaviy islohotlardan so‘ng mamlakat parlamentli boshqaruv shakliga o‘tdi. Yangi shaklda prezident faqat vakillik vakolatlariga ega, uning o‘zi parlament tomonidan yetti yil muddatga saylanadi. Sarkisyan — diplomat, 1996—1997-yillarda Armaniston hukumatini boshqargan, uning nomzodi o‘sha paytdagi hukmron Armaniston partiyasi fraksiyalari va uning koalitsiyadagi hamkori — so‘l millatchi “Dashnaksutyun” partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan.