Kino tarixida umidli aktyor to‘satdan ekranlardan g‘oyib bo‘lgan ko‘plab holatlar uchrab turadi. Buning sababi ko‘pincha aktyorning ahmoqona yoki ishonarsiz o‘ynalgan roli sabab bo‘ladi. Bunday muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng, kam sonli aktyorlargina shon-shuhratini qaytarishga muvaffaq bo‘ladi.

AdMe nashri bir vaqtlar mashhur bo‘lgan, lekin birdaniga Gollivud kinoolamida reytingi tushib ketgan aktyorlarning muvaffaqiyatsizliklarini tahlil qiladi.

Teylor Lotner — “Ta’qib”

Foto: AdMe

Teylor Lotner “Sumerki” filmida mushakdor yigit Jeykob rolini o‘ynaganida millionlab muxlislarga ega edi. Saganing ikkinchi qismini suratga olish boshlanganda, unchalik iste’dodli bo‘lmagan Lotnerni boshqa aktyor bilan almashtirish masalasi paydo bo‘ldi.

Teylor filmda qolishga muvaffaq bo‘ldi, ammo endi tomoshabinlarga uning qahramoni yoqmay qoldi. Franshizaning omadsizlikka uchragan so‘nggi qismida ishtirok etish Teylor Lotnerga “Oltin malina”ni keltirdi. “Sumerki”ning uchinchi va to‘rtinchilarida rol o‘ynash bilan birga aktyor tanqidchilar tomonidan juda salbiy baholangan “Ta’qib” jangovar filmida ham ishtirok etdi. Filmlarning qaysi biri Lotnerning obro‘siga ko‘proq ta’sir qilgani noma’lum, ammo haqiqat shundaki, endi aktyorni jiddiy loyihalarga taklif qilishmayapti.

Orlando Blum — “Elizabettaun”

Foto: AdMe

Ajoyib ko‘rinishga ega britaniyalik aktyor, ayniqsa, “Uzuklar hukmdori” trilogiyasidagi elf Legolas obrazida tomoshabinlar yodida qoldi. Muxlislar hanuzgacha Orlando Blum o‘zining aktyorlik mahoratini aynan shu rolda maromiga yetkazib ijro etganiga ishonishadi. “Elizabettaun” romantik komediyasida dizayner Dryu Beylor roli bo‘lmaganida, u Gollivud Olimpini zabt etishi mumkin edi. Dunyoning eng nufuzli nashrlari filmning mantiqsiz sujeti va aktyorlarning ishonarsiz ijrosi haqida tanqid qilgan.

Aftidan, Blum muvaffaqiyatsizlikdan hali chiqa olmagan ko‘rinadi, shuning uchun u endi “Karib dengizi qaroqchilari” va “Xobbit” franshizalaridan tashqari yirik loyihalarda ishtirok etmaydi. Bundan tashqari, aktyor “Qaroqchilar” filmining uchinchi qismidagi ikkinchi plandagi eng yomon erkak roli uchun “Oltin malina” antimukofotiga nomzod bo‘lgan.

Hilari Daff — «Sheron Teyt sharpasi”

Foto: AdMe

“Lizzi Maguayr” teleserialidagi bosh roli bilan o‘smirlarning kumiriga aylangan Hilari Daff yana bir nechta romantik komediyalarda ikkinchi darajali rollarni o‘ynash bilan birga bir qator musiqiy albomlarni yozdi. Uning qo‘shiqlari ko‘pchilikka yoqqan bir paytda aksariyat filmlari muvaffaqiyatga erisha olmadi. Aktrisa Gollivudning eng go‘zal ayollaridan biri, fojiali taqdirga ega bo‘lgan Sheron Teyt rolini o‘ynagach, Hilari Daffning karyerasi yana avj olgandek tuyuldi.

Aktrisa Sheron Teyt rolini o‘ynash u uchun sharaf ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, ammo ekrandagi obrazidan tomoshabinlar va kinotanqidchilarining hafsalasi pir bo‘ldi. 2020-yilda Daff “Eng yomon aktrisa” nominatsiyasida “Oltin malina” mukofotini oldi. Ko‘p o‘tmay, Hilari Gollivudni bir muddat tark etishga va o‘zini butunlay oilasiga bag‘ishlashga qaror qildi.

Adam Sandler — “Jek va Jill”

Foto: AdMe

Gollivudning eng mashhur komik aktyorlardan biri bir vaqtlar stendaplarda qatnashgan va ikkinchi darajali seriallarda rol o‘ynagan. 90-yillarning boshlarida Adam Sandler filmlarda rol o‘ynashga taklif qilindi va yangi aktyorning hazillaridan ichagi uziladigan darajada kulgan tomoshabinlar uning ishtirokidagi komediyalarga chin dildan oshiq bo‘ldi. “Billi Medison” va “Omadli Gilmor” filmlari hali ham Sandler karyerasidagi eng yaxshilari hisoblanadi.

Ammo tanqidchilar aktyorning bir xil hazillaridan tezda zerikdi va u “Oltin malina” antimukofotining doimiy ishtirokchisiga aylandi. Adam Sandlerning obro‘siga katta dog‘ni aktyor egizaklar rolini o‘ynagan “Jek va Jill” komediyasi qoldirdi. Film rekord miqdorda “Oltin malina”ga sazovor bo‘ldi, shundan so‘ng Sandlerga bo‘lgan qiziqish so‘na boshladi.

Josh Xartnett — “Gollivud politsiyachilari”

Foto: AdMe

Aktyorlik karyerasining boshida Josh Xartnett “Fakultet” nomli yoshlarbop filmda asosiy rollardan birini o‘ynagan. Ko‘pgina tomoshabinlar istiqbolli yosh aktyorning obrazini ishonarli o‘ynaganini e’tirof etishdi, shuning uchun ham film bir necha yillar davomida o‘smirlar orasida mashhur bo‘ldi.

Bu orada Xartnet Gollivudning talabgir aktyorlardan biriga aylandi va yana bir qancha katta budjetli filmlarda, jumladan, “Perl Harbor” melodramasida rol o‘ynadi. Xartnettning karyerasidagi bir qator muvaffaqiyatsizliklar “Gollivud politsiyachilari” komediyasi chiqqandan keyin boshlandi. Ko‘p o‘tmay, aktyor unchalik mashhur bo‘lmagan filmlarda turli xil rollarni o‘ynash uchun Gollivudni tark etdi.

Roberto Benini — “Pinokkio”

Foto: AdMe

Dunyo italiyalik aktyor Roberto Benini haqida 3 ta “Oskar”ga munosib ko‘rilgan “Hayot go‘zal” tragikomediyasi chiqqandan keyin bildi. Haykalchalardan biri Beniniga eng yaxshi erkak roli uchun berildi. Ammo aktyorning karyerasi g‘alati qarorlari tufayli barbod bo‘ldi: 2002-yilda u mashhur ertak asosida “Pinokkio” filmini suratga oldi va bosh rolni o‘zi ijro etdi. Yog‘och bola qiyofasida kulgili ko‘rinadigan 50 yoshli Roberto Benini “eng zerikarli aktyor” deb ataldi va film RottenTomatoes tanqidchilarning salbiy sharhlariga to‘lib ketdi.

O‘shandan beri Benini filmlarda deyarli rol o‘ynamadi, ammo 2019-yilda u Matteo Garrone filmida Pinokkioni yaratgan duradgor Jeppetto rolini o‘ynadi. Aktyor bu obrazga har qalay mos tushdi, u yog‘och bola haqidagi ertakni shunchalik yaxshi ko‘radiki, unda har qanday rolni o‘ynashga tayyor edi.

Alisiya Silverstoun — “Betmen va Robin”

Foto: AdMe

Alisiya Silverstoun 1993-yilda o‘zining debyut rolini ijro qildi va bir kechada o‘smirlarning kumiriga aylandi. Haqiqiy shon-shuhrat aktrisaga u bosh rolni o‘ynagan “Ovsarlar” komedik filmi chiqqandan keyin keldi. Shundan so‘ng Silverstoun bir nechta muvaffaqiyatli loyihalarida rol o‘ynadi, ammo “Betmen va Robin” filmi aktrisa uchun omadsiz bo‘ldi.

Film tanqidchilarning salbiy baho oldi va kassada muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Silverstoun ikkinchi plandagi eng yomon aktrisa uchun “Oltin malina” mukofotiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari aktrisaning qomatini tanqid qilishdi, shuning uchun u ko‘p yillar davomida suratga olish paytida noqulaylikni boshdan kechirdi. Alisiya Silverstoun hozir ham filmlarda rol o‘ynashda davom etmoqda, ammo o‘shandan beri u mashhurlik keltiradigan rollarni o‘ynamadi.

Hayden Kristensen — “Yulduzlar jangi”

Foto: AdMe

Kanadalik yosh aktyorning iste’dodi birinchi marta “Uydagidek hayot” dramasida sezildi, unda Xayden Kristensen muammoli o‘smir Sem Monro rolini o‘ynadi. Ushbu film chiqqandan so‘ng, deyarli hech kim bilmagan Kristensen “Yulduzlar jangi” trilogiyasining ikkinchi qismida Enakin Skayuoker rolini o‘ynadi. Tajribasiz aktyor yuz ifodalari va tana tili bilan ishlashni uddalardi, lekin u barcha replikalarni juda sun’iy tarzda talaffuz qildi.

Film muxlislari Xaydenning muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga yomon ssenariyni ayblashadi. Bunday holatni kutmagan Kristensen katta kinodan ketishga qaror qildi. Aktyor franshizaning boshqa qismlarida Enakin Skayuoker rolini o‘ynagan, lekin u hozirda asosan kam budjetli filmlarda rol o‘ynaydi.

Madonna — deyarli barcha filmlari

Foto: AdMe

Hamma Madonna Luiza Chikonnini eng ko‘p muvaffaqiyatga erishgan qo‘shiqchi, pop musiqa malikasi sifatida biladi. Ammo uning ishtirokidagi filmlarni kam odam eslaydi, chunki Madonnaning aktyorlik karyerasi natija bermagan. U 1979-yildan boshlab filmlarda rol o‘ynashni boshlagan, ammo uning aktyorlik mahorati tez-tez tanqid qilingan.

1996-yilda to‘rtta “Oltin malina” va ushbu antimukofotning bir nechta nominatsiyalarga nomzod bo‘lgan Madonna rejissor Alan Parkerni kambag‘al provinsiyadan chiqib, Argentinaning birinchi xonimigacha ko‘tarilgan Eva Peron rolini faqat u o‘ynashi mumkinligiga ishontirdi.

“Evita” filmi bir nechta kinomukofotlarini qo‘lga kiritdi: Madonna Eva rolini yomon o‘ynamadi.

Xonanda ishtirokidagi keyingi filmlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi va 2000-yilda Madonna asrning eng yomon aktrisasi deb tan olindi. Xonandaning aktyorlik faoliyatidagi so‘nggi filmi Jeyms Bondning “O‘lim vaqti emas” filmi bo‘lib, u filmda qilichbozlik bo‘yicha murabbiy rolini o‘ynagan va yana bir bor “Oltin malina” mukofotini qo‘lga kiritgan. O‘shandan beri maqsadiga erishmaguncha tinchimaydigan pop malikasi filmlarda rol o‘ynamaydi.