“Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Kusherbayevning yozishicha, kiberxavfsizlik — axborot xavfsizligi bo‘lib, u shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish holatini anglatadi. Yangi qonunning maqsadi:

  • O‘zbekiston kibermakonida kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish;
  • kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli organning vakolatlari, huquq va majburiyatlarini belgilash;
  • milliy kiberxavfsizlik sanoatini rag‘batlantirish, rivojlantirish uchun huquqiy bazani yaratish: davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish, kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, milliy operatsion tizim va dasturiy ta’minotlar yaratish va boshqalardan iborat.

Qonun loyihasiga ko‘ra, kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib Davlat xavfsizlik xizmati belgilanmoqda.

Avvalroq “Yangi O‘zbekistonning 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon loyihasida O‘zbekistonda kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimi yaratilishi ma’lum bo‘lgandi. Qayd etilishicha, 2023—2026-yillar uchun O‘zbekistonning kiberxavfsizlik strategiyasi ishlab chiqiladi. Bunda “uz” domen zonasi internet-makonining kiberxavfsizligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi. Elektron hukumat, energetika, raqamli iqtisodiyot tizimlari va muhim axborot infratuzilmasiga taalluqli boshqa yo‘nalishlarni himoya qilish bo‘yicha kompleks vazifalar tuzib chiqiladi.