Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov atrofidagi manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan o‘rganish boshlangani haqida xabar berilgandi. Agentlik “Daryo”ga o‘rganish natijasi bo‘yicha axborot berdi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Kinematografiya agentligi tomonidan shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablag‘larining taqsimlanishida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani holatlari aniqlandi.

Xususan, Kinematografiya agentligi direktori va bir vaqtning o‘zida subsidiya mablag‘larini taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolatiga ega Badiiy kengash raisi – F.Abduxoliqov subsidiya mablag‘larining taqsimlanishi va kontragentni tanlash jarayonida yaqin qarindoshlari benefitsiar bo‘lgan (ta’sischilari: Sharapova F.S. – F.Abduxoliqovning turmush o‘rtog‘i 70 foiz, Rashidova A.F. – F.Abduxoliqovning qizi 20 foiz, Abduxoliqov A.F. – F.Abduxoliqovning o‘g‘li – 10 foiz) “Master Media Production and Broadcast” MChJ bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lsa-da, bu holatni bartaraf qilish choralarini ko‘rmasdan, mazkur jamiyat manfaatlarini yoqlab ovoz berishda va qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan.

Masalan, 2021-yilning o‘zida Kinematografiya agentligi tomonidan berilgan davlat buyurtmalari asosida “Sevimli” telekanali (“Master Media Production and Broadcast” MChJ) ishtirokida “Orzular palatasi” va “Tuzoq” seriallari suratga olingan.

Jumladan, 2021-yilning 22-fevral kuni Kinematografiya agentligi, “Master Media Production and Broadcast” MChJ hamda “MY-FILMS” MChJ o‘rtasida “Orzular palatasi” milliy serialini suratga olish maqsadida qiymati 3,0 milliard so‘mlik shartnoma imzolanib, Kinematografiya agentligi tomonidan 1,5 milliard so‘m pul mablag‘lari “MY-FILMS” MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berilgan.

Bundan tashqari, Kinematografiya agentligi hamda “Master Media Production and Broadcast” MChJ o‘rtasida “Tuzoq” milliy serialini suratga olish uchun 2021-yilning 18-may kuni jami qiymati 1,8 milliard so‘mlik ikki tomonlama shartnoma (dxarid.uz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali) imzolangan va 1,8 milliard so‘m pul mablag‘lari jamiyat hisob raqamiga o‘tkazib berilgan.

Shunga ko‘ra, mazkur holatlarda O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori F.F.Abduxoliqov yaqin qarindoshlari ta’sischiligidagi MChJning manfaatlarini ko‘zlab, davlat budjetidan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larining ajratilishiga erishib, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.

Hammasi nimadan boshlangan edi?

Iijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqalgani, AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qilgandi. Keyinroq O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov (“Sevimli” telekanali rahbari Amira Rashidovaning otasi) xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan milliy seriallar bo‘yicha izoh berdi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ushbu serialini tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqirdi. Amira Rashidova esa kanalda uzatilgan behayo sahna yuzasidan munosabat bildirib, serial namoyishidan avval 16+ markirovkasini bergani, qolaversa, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli ekanini bildirgandi.

Keyinroq O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov (“Sevimli” telekanali rahbari Amira Rashidovaning otasi) xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan milliy seriallar bo‘yicha izoh berdi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Abduxoliqovning izohiga munosabat bildirib, bu kabi masalalarni “uyda kelishib olish” kerakligini kinoya qildi.

“Firdavs Abduxoliqov ‘Sevimli’ kanalida efirga uzatilgan ‘Sabriya’ seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz, telekanal ta’sischilari va ijodiy jamoasi buni, albatta, inobatga olib, zarur tashkiliy chora-tadbirlarni ko‘rishi darkor deb, munosabat bildiribdi.Shu masalani uyda kelishib olsangiz bo‘lmaydimi? ‘Qalampir.uz’ning yozishicha, ‘Sevimli’ kanali qizingiz va o‘g‘lingizga ham tegishli, seriallarning davlat mablag‘lari evaziga asosiy buyurtmachisi esa o‘zingiz, kinolar sifatiga ham asosiy mas’ul o‘zingiz bo‘lsangiz”, – deydi Komil Allamjonov.

Shundan so‘ng, Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov atrofidagi manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan tekshiruv tayinlandi.