Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan xalqaro aeroportlar, temiryo‘l vokzallari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlarida fuqarolardan koronavirus infeksiyasiga ekspress-test olish talabi bekor qilindi.

Qayd etilishicha, 2022-yil 25-yanvardan xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilarning kamida 48 soat oldin topshirgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy natijali ma’lumotnoma mavjud bo‘lgan taqdirda, xalqaro aeroportlar, temiryo‘l vokzallari va avtomobil (piyodalar) o‘tkazish chegara punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishlari talabi bekor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 15-yanvardan boshlab O‘zbekiston aeroportlarida koronavirusga qarshi majburiy test topshirish joriy etilgandi. Ushbu tartib ortidan yo‘lovchilarga ayrim muammolarni keltirib chiqardi.

Xususan, Toshkent xalqaro aeroportida virus tarqalishi xavfini oshirgan holda test olish uchun turnaqator navbatlar yuzaga kelgani aks etgan videolar tarqaldi. “Podrobno.uz”ning yozishicha, bunga test sinovlari o‘tkaziladigan punktlar hamda valyuta ayirboshlash shoxobchalari yetarli emasligi sabab bo‘lgan.