Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov maktablarda 1—6-sinflar uchun tabiiy fanlar (Science) joriy qilingani va fanlar nima uchun qo‘shilib o‘qitilishi haqida “Daryo” muxbiriga qisqacha intervyu berdi.

Shuhrat Sattorovning aytishicha, joriy etilayotgan ta’lim dasturi Buyuk Britaniya tajribasi asosida tayyorlangan.

Endilikda dars soatlari ortidan quvmoqchi emasmiz. Maqsad — o‘quvchilarni hayotga tayyorlash va sifatga erishish. Shu maqsadda 1—6-sinflar uchun tabiiy (Science) fanlar joriy qilindi. Bu fanga geografiya, biologiya, fizika va kimyo qo‘shib o‘qitiladigan bo‘ldi. Fanlar birlashtirildi, lekin qisqartirilgani yo‘q, — deydi Respublika ta’lim markazi direktori.

Uning alohida ta’kidlashicha, quyi sinflarda o‘qitiladigan tabiiy fanlarning asosiy maqsadi yuqori sinfdagi kimyo, fizika, biologiya darslari uchun poydevor tayyorlash.

Quyi sinflarda tabiatshunoslik, atrofimizdagi olam kabi darsliklar o‘qitilgan. Lekin bu darsliklarni qaysi biri o‘ziga xosligi bilan yodimizda qolgan? Deyarli hammasida tabiat yashil bo‘lishi, bog‘lar, o‘rmonlar haqidagi, ya’ni yuzaki ma’lumotlarni egallaganmiz. O‘quvchi ‘nima, qachon, qayerda?’ degan savolga emas, ‘nima uchun bunday bo‘ldi?’ degan savolga javob berishi kerak. Ya’ni tanqidiy, ijodiy fikrlash ko‘nikmasi bilan voyaga yetishi kerak, — dedi Shuhrat Sattorov.

Eslatib o‘tamiz, Milliy o‘quv dasturiga ko‘ra, 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab, 1–6-sinflarda yagona tabiiy fanlar (Science) fani joriy qilinishi belgilangan. Yangi fan geografiya, biologiya, fizika, kimyo hamda astronomiya fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning dastlabki ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda geografiya fanining dars soatlarida o‘zgarishlar bo‘layotgani yuzasidan e’tirozlar tarqaldi. Xalq ta’limi vazirligi holatga munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, maktabda geografiya fanidan berilishi zarur bo‘lgan bilim hajmi va unga umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yo‘q. “Shu nuqtayi nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yo‘qolish xavfi ostida degan xulosalar asossiz”, — deya qayd etiladi munosabatda.