Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni charm-poyabzal sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, soha xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishda katta o‘ringa ega. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan texnologik yangilash va mahalliylashtirish natijasida tarmoq sezilarli rivojlangan. Masalan, 2017-yilda 760 milliard so‘mlik charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilgan. 2021-yilda bu ko‘rsatkich 4 trillion 415 milliard so‘mni tashkil etgan. Shu davrda eksport hajmi 105 million dollardan 421 million dollarga yetgan. Ya’ni, ishlab chiqarish qariyb 6 barobar, eksport 4 barobar o‘sgan. Tayyor mahsulotlar ulushi ham 32 foizdan 78 foizga ko‘paygan.

“Buxoro va Xorazmda yillik 2 million dona teri zaxirasi bo‘lsa-da, uni sanoat usulida yig‘ib olish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmagan. Qashqadaryoda yiliga 1 million 800 ming, Navoiyda 700 ming va Toshkent viloyatida 500 ming dona mayda shoxli chorva terisi umuman qayta ishlanmaydi. Ko‘p kushxonalar aholidan uzoqda joylashgani, mahallalar bilan bog‘lanmagani sababli kam quvvatda ishlamoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda shu kabi muammolarni hal etib, sohani tizimli rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi”, — deyiladi xabarda.

Mahallalarda chorva mollarini so‘yish va terini yig‘ib olish bo‘yicha kichik mobil xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, buning uchun imtiyozli kreditlar ajratish zarurligi aytilgan.

Mutasaddilar joriy yilda amalga oshirilishi mo‘ljallangan jami 421 million dollarlik 248 ta loyiha to‘g‘risida ma’lumot bergan. Davlat rahbari korxonalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, shu bilan birga, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish, bunda mahalliylashtirish va zamonaviy modellarni o‘zlashtirishga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagan.

Nukus, Oltinko‘l, Shahrixon, Jondor, Namangan, Urgut, Samarqand, Angor, Ohangaron va Hazorasp tumanlari, Namangan, Marg‘ilon, Qo‘qon, Jizzax, Qarshi va Nurafshon shaharlarida shu tarmoqqa ixtisoslashgan 16 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilishi belgilangan. Ushbu hududlarda infratuzilma barpo etish uchun budjetdan 90 milliard so‘m ajratiladi. Uskunalar xarid qilish uchun tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga kredit beriladi. Umuman, sohani qo‘llab-quvvatlashga joriy yilda 60 million dollar imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, Qo‘qon va Marg‘ilondagi an’analar asosida, barcha hududlarda kosibchilik rivojlangan mahallalarni tanlab, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Ularga oilaviy tadbirkorlik va uy-joy dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar hamda soliq imtiyozlari beriladi.

Qayd etilganidek, bu yil charm-poyabzal mahsulotlari eksportini 500 million dollar, kelgusi 3 yilda 1 milliard 200 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

“Bu juda katta marra. Bu maqsadga erishish uchun bozor ham bor, katta miqdorda xom ashyo ham bor, talabgor ham bor. Faqat buning uchun tadbirkorlarga barcha sharoitlarni yaratib berish kerak”, — degan prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu maqsadda avval berilgan soliq va bojxona imtiyozlari 2026 yilgacha uzaytirilishi belgilangan. Shuningdek, chet ellik mutaxassislarni jalb etish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Chet ellarda ulgurji ombor va savdo uylari tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi, buning uchun xorijiy valyutada 3 yilga 4 foizlik kreditlar ajratilishi belgilangan.

Bugungi kunda mamlakatda ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlari hajmida ayollar poyabzali ulushi 23 foiz, bolalar poyabzali 8 foizni tashkil etadi. Shu bois bu yo‘nalishni ham soliq imtiyozi orqali rag‘batlantirishga ko‘rsatma berilgan.

“Eng katta masala — mutaxassis yetishmasligi. Shuning uchun barcha hududlar bu borada aniq reja qilib, joylarda kadrlarni o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yishi kerak”, — degan prezident.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida zamonaviy O‘quv-ishlab chiqarish laboratoriyasi tashkil etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish, o‘rta bo‘g‘in ishchilarini tayyorlash bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Yig‘ilishda tarmoq mutasaddilari, hokimlar, tadbirkorlar so‘zga chiqib, takliflarini bildirgan.