Fosfor nafaqat foydali, balki organizmning salomatligi va to‘liq ishlashi uchun zarur bo‘lgan elementlardan biridir. Uni iste’mol qilish darajasi to‘g‘ridan to‘g‘ri ozuqa moddalari va vitaminlar (shu jumladan, B guruhi vitaminlari)ning so‘rilishiga, buyrak va yurakning normal ishlashiga, shuningdek, tish va bo‘g‘imlarning holatiga ijobiy ta’sir qiladi.

Foto: Pinterest

Bundan tashqari, fosfor energiya almashinuvida, gormonlar darajasi va kislota muvozanatini tartibga solishda bevosita ishtirok etadi. Organizmda fosfor yetishmasligi idrok etish va miya faoliyatiga ta’sir qilishi, shuningdek, suyak, bo‘g‘imlar og‘rig‘i, tish kariyeslari va diqqatni jamlash bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu elementning yetishmasligi anemiya va immunitetning pasayishiga sabab bo‘ladi.

Fosforning ko‘p qismi organizmga oziq-ovqatlar orqali kiradi. Fosfor yetishmovchiligi juda kam uchraydigan hodisa bo‘lib, u buyrak funksiyasi buzilgan va vegetarianlar diyetasiga rioya qilgan odamlarda tez-tez uchraydi. Chunki go‘sht, baliq va dengiz mahsulotlari fosforning asosiy manbalaridan biridir.

Pishloq va sut mahsulotlari

Fosfor organizmga kalsiy bilan, taxminan, teng miqdorda kirganda yaxshi so‘riladi. Shuning uchun sut mahsulotlari fosforning eng yaxshi manbalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ko‘proq pishloqlarda, jumladan parmezan, motsarella va echki pishloqlarida mavjud.

Sarimsoq piyoz

Antibakterial xususiyatlari bilan tanilgan sarimsoq immunitet tizimini mustahkamlaydi, yomon xolesterin darajasini pasaytirishga yordam beradi, qon bosimini me’yorga keltiradi. Shuningdek, saraton, yurak xuruji va insultning oldini oladi. Sarimsoq tarkibida juda ko‘p foydali mikroelementlar, jumladan, temir, fosfor, rux va C vitamini mavjud.

Brokkoli

Brokkoli juda qimmatli parhez mahsulot bo‘lib, vitaminlar va ozuqa moddalariga boy hamda past kaloriyalidir. Foydali xususiyatlariga ko‘ra, u, ehtimol, har kimning sevimli avokadosi bilan raqobatlasha oladi. Brokkoli tarkibida fosfordan tashqari, B1, B2, C, PP, B, C va E vitaminlari, shuningdek, kalsiy, magniy, kletchatka va antioksidantlar mavjud.

Don mahsulotlari

Fosforning ajoyib manbai arpa, bug‘doy va makkajo‘xori bo‘lib, ular fosforning eng katta miqdorini o‘z ichiga oladi. Shuning uchun kaliy, kalsiy, magniy, kletchatka va B guruhi vitaminlariga boy bo‘lgan glyutensiz makkajo‘xori uni bug‘doy unining o‘rnini bosa oladi.

Soya va boshqa dukkaklilar

Xususan, ratsionga qizil va oq loviya, yasmiq va soyani qo‘shish kerak, bularning barchasi ham fosforga boy.