“Manchester Yunayted” yangi murabbiy qidirishda davom etmoqda.

Foto: Getty Images

2021/2022-yilgi mavsum yakunlangach Ralf Rangnik murabbiylik vazifasidan ketadi va mankunianliklar klubida maslahatchi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Shuning uchun “Manchester Yunayted” rahbariyatida hozirdanoq uning o‘rniga boshqa nomzodlarni qidirishni boshlagan. Nemis mutaxassisi 2022/2023-yilgi mavsumda ham murabbiy lavozimida qolishi mumkinligini aytib o‘tdi, ammo klub buni xohlamayapti va yangi murabbiy olib kelish istagida.

The Athletic’ning xabar berishicha, jarayon yaqin haftalarda boshlanishi kutilmoqda. “Manchester Yunayted” Maurisio Pochettino (“PSJ”), Erik ten Hag (“Ayaks”), Luis Enrike (Ispaniya terma jamoasi) va Xulen Lopetegi (“Sevilya”) nomzodlarini ko‘rib chiqadi.

Mankunianliklar Yevropa klublarida ulkan tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis izlamoqda va yuqoridagi nomzodlar bu talabga javob beradi: “PSJ”ga qadar Pochettino “Tottenhem”da ishlagan va jamoani Chempionlar Ligasi finaliga qadar olib chiqqan. Lopetegi “Sevilya”ga kelishidan oldin “Real” va Ispaniya terma jamoasini boshqargan, Enrike “Barselona”da ishlagan, ten Hag esa “Ayaks”da muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

Ralf Rangnik 2021-yil noyabr oyida jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangandi. Unga qadar jamoani Ole-Gunnar Sulsher uch yil davomida boshqargan.

Manchesterliklar Ralf Rangnik qo‘l ostida Angliya Premyer Ligasida 38 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.