Markaziy bankning xabar berishicha, so‘m kursi dollarga nisbatan 3,4 foizga qadrsizlangan. Bu so‘nggi yillarda bir necha omillar tufayli yuzaga kelgan eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xalqaro savdoning rivojlanishi valyuta bozorining o‘sishiga olib keldi

2021-yilda boshqa mamlakatlar bilan olib boriladigan savdo-sotiq ishlarining o‘sishi kuzatilib, eksport hajmi (oltin eksportidan tashqari) 2020-yilga nisbatan 34 foiz ko‘proq natijani ko‘rsatib, 11,6 mlrd dollarga yetdi.

Import to‘lovlari 2020-yilga nisbatan 25 foizga ko‘proq bo‘lgan ko‘rsatkichni, ya’ni 25,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu o‘z navbatida, valyuta bozorining o‘sishiga ham xizmat qildi.

Shunday qilib, ichki valyuta bozoridagi talab hajmi 26,1 mlrd dollarga oshib, ushbu ko‘rsatkich 2020-yilga qaraganda 1,3 marotaba ko‘p bo‘ldi:

Taklif hajmining 2020-yilga nisbatan 1,6 barobarga o‘sishi kuzatilib, bu ko‘rsatkich 22,9 mlrd dollarni tashkil qildi.

Mazkur davr mobaynida kompaniyalar tomonidan 11 mlrd dollar (1,7 barobar ko‘proq), banklar va jismoniy shaxslar tomonidan esa – 7,4 mlrd dollar miqdoridagi chet el valyutasi sotildi:

Markaziy bank

Liberallashtirish talabni qondirishga xizmat qildi

2021-yili banklarga valyuta operatsiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniyalar bilan amalga oshirishga ruxsat berildi.

Buning natijasida shu kabi bitimlar butun bozorning 94 foizini egalladi va 20,3 milliardgacha o‘sdi. 2020-yilda ushbu ko‘rsatkich bor-yog‘i 3,7 milliardni tashkil qilgan edi.

Bu esa kompaniyalarning 21,5 mlrd dollar (40 foizga o‘sish) hajmidagi kuchli talabini qondirishga yordam berdi:

Markaziy bank

Mamlakat aholisi chet el valyutasini avvalgi yillarga qaraganda ko‘proq sotishni boshladi

2021-yil mobaynida O‘zbekiston aholisi tomonidan sotilgan chet el valyutasi 7,1 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, xarid qilingan chet el valyutalari miqdori 4,6 mlrd dollarni ko‘rsatgan. Birinchi ko‘rsatkich 1,5 barobarga, ikkinchisi esa – 12 foizga o‘sgani belgilandi.

Natijada aholi tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan taklif hajmi unga bo‘lgan talab hajmidan 2,5 barobarga oshdi. Bu esa ichki valyuta bozoridagi qo‘shimcha taklifga aylandi.

Pul o‘tkazmalari hajmi ham ortdi

2021-yilda O‘zbekistonga xorij mamlakatlaridan 8,1 mlrd dollar miqdoridagi pul o‘tkazmalari amalga oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich 2020-yilga nisbatan 34 foizga ko‘proq hisoblanadi. Shu bilan birga, mamlakatdan jami 1,6 mlrd dollar chetga jo‘natilgan:

Markaziy bank

Natijada....

O‘tgan yili chet el valyutasiga bo‘lgan nafaqat talab, balki taklif hajmi ham oshdi. Mazkur o‘zgarishlar yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari va tashqi bozorlardagi qulay sharoitlar fonida yuz berdi.

Natijada milliy valyuta kursi AQSH dollari kursiga nisbatan 3,4 foizga qadrsizlandi. Avvalgi yillarda esa so‘m valyutasi 2019-yili 13,9 foizga va 2020-yili 10,1 foizga ko‘proq qadrsizlangan edi.