Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” inson huquqlarini himoya qilish birlashmasi rahbari Igor Kalyapin va “Novaya gazeta” sharhlovchisi Yelena Milashinani “terrorchi” yoki “terrorchilarning sheriklari” deb hisoblaydi. Bu haqda u o‘zining Telegram’dagi kanaliga yozib qoldirgan.

Foto: “RIA Novosti”

“Ssenariy ishlab chiqib, o‘z qahramonlarining quloqlariga matn va xatti-harakatlarini shivirlab qo‘yib, Checheniston mavzusi orqali pul topayotgan Kalyapin bilan Milashina men uchun terrorchi. Agarda Rossiyada qonun va huquq-tartibot organlari mavjud bo‘lsa, ularga murojaat qilaman: terrorchilarning sheriklarini qo‘lga olinglar”, — deb yozadi Qodirov.

Checheniston rahbari ular “doim terrorchilar va ularning sheriklarini yo‘q qilib kelganini” ta’kidlab, “kelajakda ham” shunday yo‘l tutishga va’da bergan.

Qodirov bu kabi bayonotni Checheniston Oliy sudining sobiq sudyasi Saydi Yangulbayevning oilasiga nisbatan e’lon qilingan navbatdagi tandiqqan so‘ng bildirgan. Yangulbayevning rafiqasi Zarema Musayevani chechen kuch tuzilmalari Nijniy Novgoroddan zo‘ravonlik bilan respublikaga olib ketgani aytilmoqda.

Igor Kalyapin “Znak.com” nashriga Qodirovning bayonoti “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” ishiga ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qilgan. “Ramzan Ahmatovich yosh boladek, hozir u xafa… Uning fikriga qo‘shilmagan har qanday inson — terrorchi. Bu u bilan majburiyat”, — deydi Kalyapin.

Qodirov Kalyapin va Milashinani birinchi marotaba qoralashi emas. Checheniston rahbari tomonidan “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” rahbariga nisbatan hujumlar 2014-yilda, Kalyapin Bosh prokuratura va Tergov qo‘mitasiga Qodirovning jangarilarning qarindoshlarini Chechenistondan ko‘chirib yuborish va ularning uyini yoqish to‘g‘risidagi bayonotidan keyin ariza yozgach, boshlangan.

2020-yilning aprelida Qodirov Yelena Milashinaning Chechenistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat haqidagi maqolasini tanqid qilib, FXX va Rossiya prezidenti administratsiyasini nashrga ta’sir ko‘rsatishga chaqirgan edi. Qodirov Milashinani o‘ldirish bilan ham tahdid qilgan.

20-yanvar kuni Saydi Yangulboyev va Zarema Musayevaning Nijniy Novgoroddagi xonadoniga o‘zlarini Checheniston huquq-tartibot idoralari xodimlarimiz deb tanishtirgan niqobli qurollangan shaxslar bostirib kirgan. Ular oilani Chechenistonga qarshi firibgarlik ishi bo‘yicha guvoh sifatida keltirish qarorini ko‘rsatgan, shundan so‘ng Musayevani kuch bilan olib ketgan. Yangulboyevning o‘zi sudyalik guvohnomasini ko‘rsatgani uchun olib ketilmagan.

Sudyaning yana bir o‘g‘li Ibragim Yangulboyevning aytishicha, ularning oilasi Checheniston hukumatini ochiq tanqid qilgan matbuot ma’muri bo‘lgani uchun ta’qib qilinmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2015-yilda uni otasi va akasi bilan birga o‘g‘irlab ketishgan va Qodirovning qarorgohiga olib borishgan. U yerda oila, jumladan, Checheniston rahbarining shaxsan o‘zi tomonidan kaltaklanib, qiynoqqa solingan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Zarema Musayevaning o‘g‘irlanishi haqidagi voqeani “fantastik voqea” deb hisoblab, unga munosabat bildirmasligini aytdi. 22-yanvar kuni Saydi Yangulboyev qizi Aliya bilan Rossiyani tark etgan.