Bahodir Abduvaliyev Yunusobod tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Ma’lumot uchun, Bahodir Abduvaliyev 1968-yil 27-avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1992-yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU), 1995-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. 1992-yildan hozirga qadar huquq-tartibot idoralarida turli lavozimlarda ishlagan.

Bahodir Abduvaliyev 2019-yildan buyon Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Ta’kidlash kerakki, 2021-yilning yanvar oyidan beri Yunusobod tumani hokimi lavozimida Jahongir Ibrohimov ishlab kelayotgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning 15-yanvar kuni Toshkent shahri va Yunusobod tumani faollari bilan uchrashuvda tumanning yangi hokimi Ibrohimov haqida ham to‘xtalib o‘tgandi. O‘shanda davlat rahbari Ibrohimovning Yunusobod tumaniga “yangi kuch” sifatida kelganini ta’kidlab, tumanda katta ishlarni qilishi yoki ishonchli oqlamasligini aytgan.

“Men Ibrohimovga yo Yunusobodda katta ishlarni qilasan yoki ishonchni oqlamaysan, degan masala qo‘ydim. Shuning uchun u ‘raskladushka’ bilan keldi tumanga. U ‘raskladushka’ni olib hokimiyatda yotmaydi, sektor mahallasida jamoasi bilan borib yotadi. Agar unga mahallaning ‘hidi’ yoqmasa, ketadi. Menga mahallaning ‘hidi’ yoqadi. Mahallaning ‘hidi’ bu — xalqning ovozi. Ana shunday ishlasa, xudo xohlasa, rejalarimiz, ko‘zlagan maqsadlarimiz joy-joyiga tushib, amalga oshadi, Yunusobod yanada ko‘rkamlashib, rivojlanadi”, — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning sentabrida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashevga, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimovga va Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omovga nisbatan hayfsan bergandi.