Aka-uka Klichkolar haqida go‘yo hamma narsa ma’lumdek tuyuladi: ikkalasi ham og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni va faoliyatini yakunlaganidan keyin ham o‘zini boshqa sohalarda topib olgan ring afsonalari. Vladimir istiqbolli tadbirkor va metsenat. Vitaliy esa o‘zini siyosatga bag‘ishlagan, hozirda u Kiyev meri hisoblanadi.

Ammo Klichkolar oilasining hikoyasini haqiqiy triller deb atash mumkin.

Foto: “Sports.ru”

Klichkolar buvisining 7 yoshli o‘g‘li fashistlar tomonidan otib o‘ldirilgan

Klichkoning ajdodlari ukrain kazaklari bo‘lgan. Klichko familiyasining ma’nosi ukrain tilidan tarjima qilinganda “chaqirish” ma’nosini bildiradi. Oilaning ildizlari kambag‘al ukrain dehqonlariga borib taqaladi. Oilaning ilk taniqli vakili Klichkolarning bobosi bo‘ladi — Rodion Petrovich, u Smela shahrida politsiyachi bo‘lib ishlagan. Rodion shu yerda rafiqasi Tamara Efimovna Etilzonni uchratgan.

1934-yilda juftlik o‘g‘il farzandli bo‘ladi, unga Vladimir deb ism qo‘yiladi. 1938-yilning yozida Klichko xizmat qilish uchun Pereslavlga, keyin esa Volinga yuboriladi. Ikkinchi jahon urushi oldidan Rodion Dnepropetrovskdagi harbiy qismga qo‘shiladi, rafiqasi va o‘g‘li esa Smelaga jo‘nab ketadi. Aynan o‘sha yerda ular urush changaliga tushib qoladi.

Foto: “Sports.ru”

1941-yilning avgustiga kelib, fashistlar shaharni egallab oladi va birinchi navbatda barcha yahudiylarni, jumladan Tamara Efimovna va uning o‘g‘lini ham maxsus joylarga olib ketadi. Bolalar va kattalar alohida-alohida olib ketiladi. Deyarli barcha smelalik yahudiylar va harbiy asirlar bilan birga 7 yoshli Vladimir Rodionovich Klichko ham otib tashlanadi.

Bokschilarning buvisi mo‘jizaviy tarzda omon qolishning uddasidan chiqadi: keng tarqalgan talqinga ko‘ra, ayolni erining qarindoshlari qishloqlarning biriga yashirgan. Bu vaqtga kelib Rodion Klichko Smelaga qaytgan edi.

Fashistlar u yerda deyarli ko‘rinmagan, ammo hudud politsiya nazorati ostiga olingandi. Bir yildan ko‘proq vaqt davomida Tamara cherdakda yashaydi va faqat tundagina tashqariga chiqadi. Agar fashistlar ayolni topib olganida, nafaqat uni, balki unga boshpana bergan oilani ham otib tashlardi. 1944-yilda, Smela fashistlardan ozod qilingandan so‘ng Klichko politsiyaga qayta tiklanadi: u viloyat jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining tezkor xodimi sifatida ishlaydi. Ammo ko‘p o‘tmay u Qrim tatarlarini Qozog‘istonga deportatsiya qilishga rahbarlik qilish uchun yuboriladi.

Vitaliy Klichkoga Rim gladiatori sharafiga Spartak deb ism qo‘ymoqchi bo‘lishgan

Boks afsonalarining otasi Qozog‘istonda tug‘iladi, unga fashistlar tomonidan otib tashlangan (birinchi) Vladimir xotirasiga Vladimir deb ism qo‘yiladi. Shuningdek, aka-ukalarning xolalari — Raisa va Anna ham o‘sha yerda tug‘ilgan.

Vladimir Rodionovich Klichko muvaffaqiyatli harbiy karyera qiladi: u uchuvchilar o‘quv yurtini tamomlab, Chexoslovakiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Boltiqbo‘yi davlatlarida xizmat qiladi. Bokschilarning onasi Nadejda Bulino esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Klichkolar buvisining ona tomondan qarindoshlarining deyarli barchasi ommaviy ocharchilik vaqtida o‘lib ketadi.

Vladimir Rodionovich general-mayor unvonigacha ko‘tarilgan, Ukrainaning Germaniyadagi harbiy diplomatik vakili (shu yerda aka-ukalar boksda nom qozongan) bo‘lib ishlaydi, shuningdek, u NATOda faoliyat yuritgan. To‘ng‘ich farzand Vitaliy 1971- yilda Qirg‘izistonda, kenja Vladimir esa 1976- yilda Qozog‘istonda tug‘ilgan.

Foto: “Sports.ru”

Vitaliy 2006-yilda otasi unga Vitaliy emas, balki Rim gladiatori sharafiga Spartak ismini qo‘ymoqchi ekanligini aytgandi. Ammo bu qaror onasiga yoqmagan. Shundan so‘ng masala original tarzda hal qilinadi.

“Otam birinchi tashrif buyurga odamdan: ‘Menga birorta erkaklar ismini ayting’, deb so‘ragan. Shunda u odam ‘Vitaliy’, deb javob bergan. Shu tarzda masala hal etilgan”, — deb eslagandi Klichko.

1985-yilda Klichkolar oilasi Kiyevga qaytib keladi.

O‘tgan asrning 90-yillarida aka-uka Klichkolar Ukraina mafiyasiga o‘ralashib qolgandi

Vitaliy va Vladimir har doim ajoyib jismoniy imkoniyatlarga ega bo‘lgan. Vitaliy kikboksing bilan shug‘ullanib, olti marta jahon chempioni bo‘lgan. Ammo 90-yillarning boshlarida u boksga o‘tadi va hatto SSSR xalqlari Spartakiadasining sovrindori bo‘lishga muvaffaq bo‘ladi (bronza) — 1991-yil sentabr oyida mamlakat parchalanishi oldidan.

Bu vaqtga kelib, Vladimir ham o‘zini sportda sinab ko‘rayotgandi. U 14 yoshida Brovarskiy maktab-internatiga o‘qishga kiradi. 1993-yilda u o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida g‘olib bo‘ladi, bir yildan so‘ng esa Jahon chempionatida kumush medalini qo‘lga kiritadi.

O‘sha paytga kelib, aka-ukalarning hayotida harbiy farzandi, Ribka laqabli kriminal avtoritet Viktor Ribalko paydo bo‘ladi. 1994-yilda Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash qo‘mitasida ishlagan Ukrainaning sobiq bosh vaziri Nikolay Azarov bu haqda shunday yodga olgandi:

Foto: “Sports.ru”

“1999-yilgacha Kiyev turli jinoiy avtoritetlarning ta’siri tarmog‘iga bo‘lingan edi. Ribka, Cherep, Kisel… Xo‘sh, Klichko kim bo‘lgan? Mayli, u meni sudga bersin, lekin haqiqatni aytaman. Vitaliy Klichko Ribkaning kichik bir qo‘riqchisi edi. Klichko tumshuqqa tushirishni juda yaxshi bilardi. U har doim kriminal olam diqqat markazida bo‘lgan kikboksing bilan shug‘ullangan. Ribkaning yaqin sheriklari, yirik tadbirkorlar va ayni paytda uyushgan jinoiy guruhlar rahbarlari unga e’tibor qaratadi. Ribka Klichkoni ‘ko‘tarish’ uchun 200 ming dollar ajratadi. Shu tariqa Klichkoning Germaniyadagi faoliyati boshlangan”.

Vladimir Klichkoning Atlanta Olimpiadasidagi g‘alabasidan keyin aka-ukalarning Ribka bilan birga Nyu-York bo‘ylab sayr qilayotgani tasvirlangan video ham bor. Ular o‘sha paytdagi eng kuchli promouter Don Kingning uyiga ham tashrif buyurgan. Ammo ukrainalik bokschilar King bilan shartnoma bo‘yicha kelisha olmaydi, oxir-oqibat ular deyarli o‘n yil davomida birga ishlagan nemis promouteri Klaus-Piter Kol bilan kelishuvga erishadi.

Manbalarning ta’kidlashicha, Ribalko aka-ukalarning ring va uning tashqarisidagi daromadlaridan foiz olib turgan. 2005-yilda jinoyatchi Kiyevda otib tashlanadi, aynan shu vaqtdan boshlab Vladimir va Vitaliy Kol bilan hamkorlikni to‘xtadi.

Aka-uka Klichkolarning keyingi ajoyib faoliyatini esa barcha juda yaxshi biladi.