USM Group tarkibiga kiruvchi Akkerman Cement CA kompaniyasi “Ohangaronsement” zavodining 98,6 foiz aksiyalarini sotib oldi. Bu haqida “Daryo”ga Akkermann Cement matbuot xizmati xabar berdi.

“Ohangaronsement”ga kiritilayotgan sarmoya birinchi navbatda USM’ning asosiy aksiyadori Alisher Usmonovning vatani bo‘lgan O‘zbekistonni rivojlantirishga qaratilgan. Bu yerdan olinadigan barcha foyda O‘zbekistonda qoladi va respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratiladi” — deydi Akkermann Cement kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Anton Selyavko.

Akkermann Cement brendi ostida birlashgan kompaniyalar Rossiyaning USM xoldingi tarkibiga kiradi. Bu xoldingni asoschisi va asosiy aksiyadori Alisher Usmonov hisoblanadi.

2021-yilda Akkermann Cement CA 4 million tonnaga yaqin sement ishlab chiqardi. Kompaniyaning asosiy aktivlari qatoriga “Ohangaronement” ham qo‘shildi.

2021-yil oxirida “Ohangaronsement” yiliga 2,5 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi liniyasini ishga tushirdi. Akkermann Cement CA ushbu zamonaviy liniyalarni samarali boshqarish bo‘yicha tajribaga ega.

“Ohangaronsement” haqida

“Ohangaronsement”ga XX asrning o‘rtalarida asos solingan. 1970-yillarda kombinatga, 1980-yillarda esa ishlab chiqarish birlashmasiga aylangan. 1994-yilda zavod xususiylashtirilgan va aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan.

Korxonaga uzoq vaqt davomida Zeromax egalik qilgan va Rossiyaning “Yevrosement”i 2006-yilda 75,5 foiz aksiyasini sotib olgan. Keyinchalik ushbu ulush 83,9 foizga qadar oshirilgan.

2014-yilda korxona muammolarga duch kelgan — hozirda faoliyati tugatilgan Davlat raqobat qo‘mitasi 1994-yildagi xususiylashtirishni noqonuniy deb topishni talab qilgan, Toshkent viloyati iqtisodiy sudi zavodning mulki va bank hisobraqamlariga taqiq qo‘ygan.

Bundan tashqari, korxonadan soliqlarni to‘lash talab etilgan. Bir nechta sud eshituvlari va apellyatsiyalardan so‘ng tomonlar masalani kelishib olishga muvaffaq bo‘lgan.

“Ohangaronsement” mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilar qatoriga kiradi, shuningdek, bozordagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

2019-yil yakunlariga ko‘ra, zavodning sof foydasi 179,8 milliard so‘mni tashkil etgan, 2020-yilning 9 oyida esa 187,1 milliard so‘m, 2021-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha — 24,8 milliard so‘m.