Daniya hukumati Malida hokimiyat tepasiga kelgan harbiylar talabidan so‘ng, o‘z harbiy xizmatchilarini mamlakat hududidan olib ketishga qaror qildi. Bu haqda Daniya tashqi ishlar vaziri Yeppe Kofodga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Getty Images

“Hokimiyat tepasiga kelgan harbiylar Mali endilikda Daniya harbiylarining bu yerda qolishini xohlamasligini anglatuvchi aniq xabarni yubordi. Biz o‘z harbiylarimizni olib chiqib ketishga qaror qildik”, — deydi vazir.

Yevropa OAVlarining yozishicha, gap, taxminan, 100 nafar harbiy xizmatchi haqida ketmoqda.

Yanvar boshlaridan Shvetsiya hukumati ham 2022-yilda o‘z qo‘shinlarini Malidan olib chiqib ketmoqchiligini ma’lum qilgandi. Bunga ushbu mamlakatga “Vagner” yollanma harbiylarining kelgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar sabab bo‘lgan.

Mali atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi 2020-yildagi davlat to‘ntarishi ortidan boshlandi, shundan so‘ng G‘arbiy Afrika davlatlari o‘z chegaralarini yopdi, diplomatik munosabatlarni uzdi va Maliga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi, bu AQSh va Fransiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Ma’lumot uchun, “Vagner” guruhi norasmiy qurolli tuzilma bo‘lib, ommaviy axborot vositalarida u ko‘pincha Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyasi deb ataladi. Ta’kidlanishicha, guruh 2014-yildan Ukrainada, keyin esa Suriyada faoliyat yuritgan. Avvalroq Rossiya TIV vakili “Vagner” faoliyatiga davlatning aloqasi yo‘qligi, bu shaxsiy kampaniya ekani va kapitalizm sharoitida “har kim qo‘lidan kelgan usulda pul topishini” aytgan.