Bollivudning mahoratli aktyori Jivan Kumar o‘zining sermahsul karyerasida son-sanoqsiz rollarni o‘ynagan va hech qachon kasbini rivojlantirishdan to‘xtamagan. U hind kino olamida salbiy rollarni maromiga yetkazib ijro etgan eng mashhur aktyorlardan biri edi.

Foto: Bollywoodtime

Uning haqiqiy ismi Omkar Natx Dar. Aktyor 1915-yil 24-oktabrda Shrinagarda kashmirlik pandit oilasida tug‘ilgan. Bolaning otasi Gilgit (hozirgi Kashmir) gubernatori bo‘lgan. Jivanning 22 akasi va bir opasi bor edi. Ulardan 22 nafari bir onadan bo‘lib, ikki farzandni otasi ikkinchi oilasidan ko‘rgan. Shunday qilib Jivanlar oilada 24 farzand bo‘lgan. Ammo ularning oilasi o‘ziga to‘q bo‘lsa-da, Jivanning o‘z onasi tug‘ruq paytida, otasi esa u uch yoshga kirganda vafot etdi.

Foto: Bollywoodtime

Bolani bobosi va buvisi tarbiyalagan. Uning bobosi ham hokim bo‘lgani uchun ularning oilasi oliy tabaqa hisoblangan. Shunday bo‘lsa ham, aktyorning ta’kidlashicha, uning bolaligi baxtsiz o‘tgan, uydagi davomiy tartibsizliklar tufayli tez-tez qochib ketishni istagan.

Jivan bolaligidan suratkash bo‘lishni orzu qilar edi. Kollejdagi ta’til paytida u surat olish kasbini o‘rganish uchun Bombeyga bordi va Kashmirda o‘zining fotostudiyasini ochdi. Biroq taqdir yigit uchun boshqa tuhfa tayyorlagan edi. U akasining tanishi orqali Bombeydagi kinostudiyaga ishga joylashdi.

Foto: Bollywoodtime

U yerda Kumarga kumush qog‘ozlarni yog‘och bo‘laklariga yopishtirish vazifasi berilgan edi, shundan suratga olish paytida “reflektor bola” laqabini oldi. Tez orada u muhim sahna uchun aktyor izlayotgan rejissorning nazariga tushdi. Rejissor undan bir necha satr o‘qishni so‘radi. Uning betakror xarakteridan hayratda qolgan rejissor Kumarga 1935-yilda “Zamonaviy Hindiston” filmidagi birinchi rolini taklif qildi.

Foto: Bollywoodtime

Hali kino olamida yangi bo‘lishiga qaramay, u allaqachon davrning yetakchi yulduzlari bilan ishlay boshladi. U tajriba qilishdan qo‘rqmadi va ko‘plab mashhur hind filmlarining bir qismiga aylandi.

Foto: Bollywoodtime

Uning o‘g‘li Kiran Kumar ham aktyor bo‘lib, otasining ijro uslubini yaxshi eslaydi. “Mening dadam haqiqiy tendensiya muallifi edi. U rollariga o‘ziga xos tarzda yondashgan va har doim qandaydir ishoralarni ishlatgan. Men buni hech qachon ko‘chirmaganman, lekin uning ko‘plab hamkasblari buni takrorlagan. Otam tufayli ular hozir yaxshi ishlayapti”, – dedi u 2016-yilda bergan intervyusida.

Foto: Bollywoodtime

O‘zining uzoq va samarali faoliyati davomida Jivan son-sanoqsiz salbiy obrazlarni ijro etdi. Ba’zan zamonaviy, 1977-yilgi blokbaster “Amar, Akbar, Entoni”dagi Robert, ba’zan “Qonun” (1960) filmidagi Kalidas kabi pafosga boy, gohida makkor, xuddi “Sevgi haqida abadiy ertak”dagi Satpal Vir kabi.

Foto: Bollywoodtime

Jivan va uning rafiqasi Kiran to‘rt nafar farzand ko‘rdi. Ikki o‘g‘il: Kiran Kumar va Bhushan Jivan hamda ikki qiz: Nikki va Riki. Jivan o‘zidan keyin qariyb yarim asrga cho‘zilgan ajoyib karyera merosini ortda qoldirdi. 1987-yil 7-iyunda u komaga tushib qoldi, oradan uch kun o‘tib, 10-iyun kuni 71 yoshida vafot etdi.