Hind kinosining mashhur xonandalaridan biri, bastakor, aktrisa Lata Mangeshkar bugun, 6-fevral kuni ertalab 92 yoshida vafot etdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Foto: India TV news

NDTV telekanaliga ko‘ra, bastakor 1-fevral kuni kovid tashxisi bilan Mumbaydagi klinikaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan edi.

Mangeshkar ona yurtida “Hindiston bulbuli” va “Musiqa qirolichasi” deb nom olgan va ko‘plab filmlar uchun asosan hind, marathi va bengal tillarida qo‘shiq kuylagan. U ko‘plab kino mukofotlari sovrindori hisoblanadi. 2001-yilda Mangeshkar Hindistonning oliy mukofoti — “Bharat Ratna” bilan taqdirlangan.

Lata Mangeshkar “Bozigar”, “Janob 420”, “Bobbi”, “Qasos va qonun”, “Ali bobo va 40 qaroqchi”, “Hayotda hamma narsa bo‘ladi”, “Gohi shodlik, gohi g‘am” kabi yuzlab filmlardagi qo‘shiqlari bilan o‘zbek tomoshabinlarining ko‘nglidan joy olgan.

Avvalroq “Ivan Vasilyevich kasbini o‘zgartiradi” filmidagi Miloslavskiy roli bilan mashhur bo‘lgan Leonid Kuravlyov vafot etgani haqida xabar berilgan edi.