Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Yozuvchilar ijod uyi” yonida yuzlab daraxlar kesilgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.

Foto: Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Qayd etilishicha, ushbu bog‘ tadbirkorlik subyektiga tegishli mulk hisoblanadi. “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasida “Yog‘och olish va mevalar yetishtirish uchun maxsus ekilgan, yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki bo‘lgan daraxtlar va butalarni (teraklar va boshqa tez o‘sadigan turlar, tutzorlar, mevali daraxtlar va butalar) kesish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi deb belgilangan.

Foto: Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Shuningdek, “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorda “Yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan va ular tomonidan yog‘och-taxta va hosil olish uchun ekilgan daraxtlar va butalarni, shu jumladan, ipak qurtini boqish maqsadida tut daraxti shoxlarini kesishga” Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosasi talab etilmaydi deb belgilangan.

Shunga muvofiq, yuqoridagi obyektga tegishli bo‘lgan bog‘dagi mevali daraxtlarni samara bermagani uchun kesish va o‘rniga boshqa turdagi daraxtlarni ekishga Davlat ekologiya organlarining xulosasi talab etilmaydi.

Foto: Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Xabarga ilova qilingan hujjatda aytilishicha, 17,9 gektar yer maydonidagi bog‘da mevali daraxtlar ekilgan bo‘lib, 4 yil davomida bahor oyida surunkali sovuq urgani sabab daraxtlarning hosil shoxlari yorilib, qurib ketgan. Shu sabab daraxtlarni kesishga ruxsat berilgan.

Avvalroq Andijonda 12 tup daraxt noqonuniy kesilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, O‘zbekistonda daraxt kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilishi, Yunusobodda qurilish rejalashtirilgan hududdagi 10 ta qarag‘ay arralab ketilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.