“Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Foto: Google Earth

Qarorda belgilanishicha, prokuratura organlari zimmasiga yuklangan qo‘shimcha vazifalar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Bosh prokuratura tarkibida 8 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida esa umumiy soni 56 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘limlari tashkil etiladi.

“O‘zbekkosmos” agentligi Kadastr agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar sinov tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlari hamda Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent tumanlarida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini hamda noqonuniy bino va inshootlarni kosmik suratlarni qayta ishlash orqali aniqlash choralarini ko‘radi.

Bunda kosmik suratlarni olish va ularni qayta ishlash bilan bog‘liq xarajatlar “O‘zbekkosmos” agentligi va Kadastr agentligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi. “O‘zbekkosmos” agentligi Kadastr agentligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda o‘tkazilgan sinov natijalaridan kelib chiqib, ushbu amaliyotni respublikaning butun hududida joriy etish yuzasidan takliflarni 2023-yil 1-martga qadar Prezident administratsiyasiga kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, fevralning boshlarida Navoiyda noqonuniy uy-joy qurish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingandi. Prokuratura xodimlari tekshiruv davomida “Google xarita” tizimi orqali oldinlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan hududda so‘nggi ikki yil davomida soxta hujjatlar asosida noqonuniy qurilish ishlari olib borilganini aniqlagandi.