Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida 32 yoshli fuqaro qarzini so‘rab kelgan ayolni pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022-yilning 19-fevral kuni soat 14:00 da Xo‘jaobod tumani “Guliston” mahallasida yashovchi 1990-yilda tug‘ilgan X.D. ismli ayol tanishi, tumanning “Uzun ko‘cha” mahallasida yashovchi M.N. ismli erkakning oldiga borib, qarz sifatida bergan 5 ming dollar pulini so‘ragan. Ular muammo sabab tortishib qolgan.

Janjal vaqtida X.D. tanishi M.N.ni urib, unga tan jarohati yetkazgan. M.N. esa yonida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan tanishining ko‘krak qafasiga ikki marotaba, orqa o‘ng kurak sohasiga bir marotaba urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Oqibatda ayol hodisa joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Xo‘jaobod tuman prokuraturasi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.