AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalar tufayli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘lladi va keskin vaziyat yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. Bu haqda CNN xabar bergan.

Jo Bayden Yevropadagi harbiy havo kuchlari va quruqlikdagi qo‘shinni ittifoqdoshlar sharqiy qanotiga kengaytirishga ruxsat bergani, AQShning NATOni himoya qilishga tayyor ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, u Amerika qo‘shinlari Ukrainadagi urushda qatnashish uchun Yevropaga ketmayotganligini tushuntirdi.

“O‘tgan yili Ukrainaga 650 million dollar miqdorida mudofaa yordami ko‘rsatganmiz. Bizning harbiy kuchlar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizoda ishtirok etmayapti, kelgusida ham uning ishtirokchisi bo‘lmaydi, harbiylarimiz Yevropaga Ukrainada jang qilish uchun emas, balki NATOdagi ittifoqdoshlarini himoyalash uchun jo‘natilmoqda”, — degan AQSh prezidenti.

Bayden Rossiyaning Ukrainaga hujumi uchun mas’uliyat Vladimir Putinning zimmasida ekani, Rossiya ushbu harbiy operatsiya uchun jiddiy zarbalar qabul qilib olishi haqida gapirdi.

“Putin — zo‘ravon. Putin urush yo‘lini tanladi. Endi uni va Rossiyani ushbu harakat uchun jiddiy oqibatlar kutib turibdi”, — deydi Bayden.

Jo Bayden Rossiya prezidentining Sobiq ittifoqni qayta tiklash niyatida ekanligi haqida ham o‘z mulohazalarini bildirgan.

“Putin Ukrainadan ham jiddiyroq maqsadlarni ko‘zlagan. U Sobiq ittifoqni tiklashni niyat qilgan. Mana shu eng asosiy masala”, — degan AQSh davlat rahbari.

23-fevralda AQSh Rossiya DXR va LXR mustaqilligini tan olgani uchun unga qarshi sanksiyalar joriy qilgan. Rossiya rivojlanish davlat korporatsiyasi va Promsvyazbank, ularning sho‘ba tuzilmalari (SSKA futbol klubi ham) va rossiyalik yuqori lavozimdagi amaldorlarning uch o‘g‘li sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan.

Bundan tashqari, LXR va DXR mustaqilligini tan olgan Rossiyaga qarshi Yevropa ittifoqi, Avstraliya, Kanada, Yaponiya kabi davlatlar ham sanksiyalar joriy etgan. DXR hamda LXR mustaqilligini tan olish uchun ovoz bergan Davlat dumasining 351 nafar deputatiga ham Yevropada cheklovlar belgilangan. YI Rossiya mafkurasi targ‘ibotchilari, harbiylar va boshqa amaldorlarga ham sanksiyalar qo‘llagan.

24-fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Buyuk Britaniya mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llagan, xususan “Aeroflot” kompaniyasining qirollik hududiga parvozlarini taqiqlagan.