Yevropa Ittifoqidan keyin AQSh ham Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi xabar berdi.

Foto: Reuters

Shuningdek, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovga qarshi ham cheklovlar joriy etilgan.

Amerika Moliya vazirligining sanksiyalari AQSh yurisdiksiyasidagi aktivlarni bloklash, amerikaliklarning ular bilan bitimlar tuzishini taqiqlashni o‘zi ichiga oladi.

Bundan tashqari, AQSh Davlat departamenti Sergey Shoygu va Valeriy Gerasimovga qarshi o‘z sanksiyalarini ham joriy etgan. Davlat departamenti ularni “Ukrainaga nisbatan yangi bosqinda” javobgar deb hisoblaydi. Davlat departamenti yo‘nalishi bo‘yicha sanksiyalar ularning AQShga kirishini taqiqlaydi.

24-fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Buyuk Britaniya mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llagan, xususan “Aeroflot” kompaniyasining qirollik hududiga parvozlarini taqiqlagan. 25-fevral kuni Kanada Putinning atrofidagilar, deputatlar va Rossiyaning 27 ta moliyaviy institutiga qarshi sanksiyalar kiritdi, Ukraina banklariga Rossiya va Belarus rubllarida operatsiyalar o‘tkazish taqiqlandi.

Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live