19:13, 26.02.2022 // 30916

Makron Ukrainadagi urush uzoq davom etishi mumkinligi haqida gapirdi

Ukrainadagi urush uzoq davom etadi, Fransiya ham unga tayyorgarlik ko‘rishi zarur, degan Emmanuel Makron Parijdagi qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida.

Foto: Bloomberg

“Urush Yevropaga qaytdi. U uzoq davom etadi va qishloq xo‘jaligiga jiddiy ziyon keltiradi”, — deya Makron so‘zlaridan iqtibos keltirgan Le Figaro.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi vaziyat Fransiya eksportiga ta’sir qiladi. Shuningdek, u vinochilik sohasi haqida ham gapirgan va boshoqli ekinlar yetishtirishda muammolar bo‘lishi mumkinligini qayd etdi, deyiladi France Info radiostansiyasining xabarida.

“Inqiroz davom etadi va unga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi”, — degan Fransiya prezidenti. Makron hukumatning qishloq xo‘jaligida barqarorlikni saqlab turish yuzasidan reja ishlab chiqayotganligini qo‘shimcha qilgan.

Avval Makron Rossiyadan Ukrainadagi harbiy operatsiyani to‘xtatishga chaqirgan. 25-fevral kuni Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borgandi. Makron muloqot samimiy, to‘g‘ri va tezkor bo‘lganini ta’kidlagan. Fransiya prezidenti Putindan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar olib borishni va jangovar harakatlarni yaqin vaqt ichida to‘xtatishni so‘ragan. O‘z navbatida Putin Makron bilan suhbat davomida Ukrainadagi harbiy operatsiyalarning sababi va ularni yuzaga keltirgan sharoitlar xususida tushuntirish bergan, deyiladi Kreml matbuot xizmatining xabarida.

24-fevralga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “mintaqa aholisini genotsiddan himoya qilish” uchun “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini ma’lum qildi. Murojaatdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainaning ko‘plab shaharlarida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko 24-fevral kuni erta tongda Kiyev, Xarkov va Dneprda harbiy infratuzilma obyektlariga raketa zarbalari berilganini ma’lum qildi.

Ukraina Rossiyani urush e’lon qilish va hududiga bostirib kirganlikda aybladi. Rossiya TIV esa Ukrainadagi harakatlarni urush deb hisoblamayapti.

“Bu urushning boshlanishi emas, bu Donbassda global urush va harbiy qarama-qarshilikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan vaziyatni bartaraf etish uchun qilinayotgan harakat”, — deya izoh bergan vazirlik rasmiysi Mariya Zaxarova.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning harakatini mamlakatni yakson qilish deya baholab, G‘arbni “Putinga qarshi koalitsiya” tuzishga chaqirdi.

24-fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Buyuk Britaniya mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llagan, xususan “Aeroflot” kompaniyasining qirollik hududiga parvozlarini taqiqlagan. AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgani va u yerda harbiy operatsiyalarni boshlagani uchun mamlakatga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilgan. Shuningdek, Bayden Rossiyaning Ukrainaga hujumi uchun mas’uliyat Vladimir Putinning zimmasida ekani, Rossiya ushbu harbiy operatsiya uchun jiddiy zarbalar qabul qilib olishi haqida gapirgan.

Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv