AQSh hukumati Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga zarurat tug‘ilsa, evakuatsiyada yordam ko‘rsatishi mumkinligini taklif qildi. Bu haqda Amerika va Ukrainadagi manbalariga tayanib, The Washington Post xabar berdi.

Foto: Getty Images

“AQSh hukumati Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Kiyevni tark etishida yordam berishga tayyor”, — deyiladi xabarda. Biroq nashrning yozishicha, Zelenskiy hamon mamlakatni tark etishdan bosh tortmoqda.

24-fevralga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “mintaqa aholisini genotsiddan himoya qilish” uchun “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini ma’lum qildi. Operatsiyadan maqsad “Kiyev rejimi tomonidan bezorilik va genotsidga uchragan” odamlarni himoya qilishdir”. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning rejalarida Ukrainani bosib olish yo‘q. Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Ukraina armiyasi harbiy xizmatchilaridan qurollarini tashlab, “uylariga qaytishni” talab qilgan. Bunga amal qilganlar “urush hududini to‘siqsiz tark etib, oilasi bag‘riga qaytishi” mumkin bo‘ladi, deydi u.

Zelenskiy harbiy operatsiyalar boshlanganidan keyin Ukrainaning ozodlikni bermasligi, Rossiya bilan diplomatik munosabatlar to‘xtatilganini e’lon qildi. 25-fevralda esa ukrainaliklarning vatanni hech kimning ko‘magisiz yolg‘iz himoya qilayotgani, dunyoning yetakchi kuchlari esa vaziyatni tomoshabin sifatida kuzatayotgani haqida gapirgan.

Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live