Vladimir Putin AQSh hamda boshqa g‘arb davlatlarining do‘stona bo‘lmagan harakatlari va xorij davlatlari, xalqaro tashkilotlarning cheklovlariga qarshi iqtisodiy chora-tadbirlar to‘g‘risida farmonni imzoladi. Bu haqda “RBK” xabar bergan.

Foto: “TASS”

Farmonga muvofiq eksportyorlar 2022-yil 1-yanvardan hisoblangan valyutadagi daromadining 80 foizini sotishi zarur. Eksportyorlarning xorijiy valyuta sotuvi tartibi Rossiya markaziy banki tomonidan o‘rnatiladi.

Shuningdek, Putin xorij valyutasida qarz oladigan Rossiya rezidentlariga mamlakat tashqarisidagi banklardan valyuta o‘tkazishni taqiqladi.

Xorijdagi yetkazib beruvchilar nomidan ish ko‘rayotgan Rossiya rezidentlariga pul o‘tkazmalarini elektron to‘lov vositalari hisob raqamini ochmasdan amalga oshirish taqiqlandi.

Rossiyaga qarshi bir qator davlatlar, xususan YI, AQSh, Kanada, Yaponiya, Avstraliya va boshqa mamlakatlar sanksiyalar joriy etgan. Cheklovlar Rossiya banklari (VTB va Sberbank ham bor), Rossiyadan yuqori texnologiya mahsulotlarini eksport qilish, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Rossiya taraqqiyot jamg‘armasi va katta davlat korporatsiyalari, Rossiya xavfsizlik kengashi a’zolari, Davlat dumasi deputatlariga nisbatan ham tatbiq qilingan.

Rossiya 24-fevralda Ukrainada harbiy operatsiyalar boshlaganini e’lon qildi. Putin ushbu harbiy operatsiyani Ukrainani demilitirizatsiya va denatsifikatsiya qilishning asosiy vazifalaridan biri deb atagan. Kiyev Moskvaning ushbu harakatlarini urush deb baholagan. Mamlakatda harbiy favqulodda holat e’lon qilingan va urushga yaraydigan aholi harbiy safarbarlikka jalb qilingan.