Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, 16-fevraldan beri rossiyalik 116 nafar milliarder 126 mlrd dollardan ko‘proq yo‘qotgan

Foto: Forbes

24-fevral kuni Rossiyaning Moex indeksi 33 foizga pasaydi va rubl dollarga nisbatan rekord darajada tushganidan keyin taxminan 71 mlrd dollar yo‘qotildi. AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan nishonga olingan milliarder oligarxlar va bizneslarning kichik doirasidan tashqariga chiqadigan sanksiyalar tahdidi Rossiyaning eng badavlat kishilarining boyligini yanada pasaytirishi mumkin.

Kremldagi kamida 11 nafar rossiyalik milliarderning har biri 1 mlrd dollar yoki undan ko‘proq mablag‘ yo‘qotdi.

Rossiyaning eng yirik mustaqil neft ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan “Lukoyl”ni tashkil etgan, sobiq Sovet neft vaziri Alekperov eng katta mablag‘ yutqazmoqda. U 4,2 mlrd dollar yoki uning boyligining 17,1 foizini Rossiya neft va gaz zaxiralari tushib ketgani sababli yo‘qotdi. London va Moskvada ro‘yxatga olingan “Lukoyl” aksiyalari hujum boshlanganidan beri 30 foizdan ko‘proq arzonlashdi.

“Lukoyl” 2014-yilda Rossiyaning Qrimni egallab olishi munosabati bilan moliyaviy va texnologik sanksiyalar bilan “Rosneft” kabi davlatga qarashli boshqa Rossiya energetika kompaniyalari qatori AQSh tomonidan sanksiyalarga duchor bo‘lgan edi. Endilikda Vashington, Bryussel va London tomonidan ham sanksiyalar kiritilishi mumkin.

O‘tgan hafta boshida Britaniya hukumati yana uchta rossiyalik, jumladan Putinning sobiq kuyovi Kirill Shamalovga nisbatan ham sanksiyalar qo‘lladi. Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalaridan so‘ng Rossiya banklarining aktivlarini muzlatish va rossiyalik fuqarolarga Buyuk Britaniyadagi bank hisoblarida 66 000 dollardan ortiq mablag‘ga ega bo‘lish taqiqlangani ham e’lon qilindi.

Yevropaning aksariyat davlatlari jiddiy iqtisodiy xatarlarga qaramasdan Rossiyani SWIFT tizimidan uzib qo‘yishga chaqirmoqda.

Britaniya muxolifatchilari bosh vazir Boris Jonsonni rossiyalik milliarder Roman Abramovichning mol-mulkini tortib olishga chaqirdi. Sovet Ittifoqi qulagandan so‘ng Rossiyaning neft sanoatida boylik orttirgan “Chelsi” futbol jamoasining milliarder egasi London va Moskva o‘rtasidagi uzoq davom etgan diplomatik ziddiyatlar ortidan klub boshqaruvini uning xayriya fondiga topshirdi. 

Ma’lumotlarga qaraganda Abramovich o‘tgan hafta 1 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘qotgan. 

Avvalroq rubl tarixdagi eng minimal darajaga tushib ketgani haqida xabar berilgan edi.