Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov, “Rosneft” rahbari Igor Sechin hamda USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov ham kiritildi. Bu haqda Yevroittifoqning rasmiy jurnalida ma’lum qilindi.

Foto: Bloomberg

Yevropa sanksiyalari yuqori martabali amaldorlar va harbiylar, biznesmen va jurnalistlardan iborat jami 26 nafar rossiyalikka qarshi qo‘llanilgan. Ular orasida “Severstal”ning asosiy egasi Aleksey Mordashov, “Alfa-bank” direktorlar kengashi raisi Pyotr Aven, “Alfa-Grupp” kuzatuv kengashi rahbari Mixail Fridman, teleboshlovchilar Arkadiy Mamontov, Anton Krasovskiy, Roman Babayan, Olga Skabayeva, Tigran Keosayan va vilolonchel ustasi Sergey Roldugin ham bor.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi “SOGAZ” sug‘urta kompaniyasiga qarshi cheklovlarni qo‘llagan.

24-fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Buyuk Britaniya mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llagan, xususan “Aeroflot” kompaniyasining qirollik hududiga parvozlarini taqiqlagan. AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgani va u yerda harbiy operatsiyalarni boshlagani uchun mamlakatga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilgan. Shuningdek, Bayden Rossiyaning Ukrainaga hujumi uchun mas’uliyat Vladimir Putinning zimmasida ekani, Rossiya ushbu harbiy operatsiya uchun jiddiy zarbalar qabul qilib olishi haqida gapirgan.

Keyinchalik 25-fevralda AQSh Putin, Lavrov va Shoyguga qarshi sanksiyalar e’lon qildi, shuningdek 26-fevralda Oq uyning Zelenskiyga Kiyevni tark etishida yordam berishga tayyorligi xabar qilindi. AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga harbiy ehtiyojlar uchun zudlik bilan moliyaviy yordam ko‘rsatishni buyurgan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Ukrainadagi urushning uzoq davom etishini taxmin qilgan.

Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live