Avvalroq tadbirkor Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga tushgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur sanksiyalar “Metalloinvest” va tadbirkor bilan bog‘liq kompaniyalarga ta’sir qilmaydi, deyiladi USM xabarida. Bu haqda “Kommersant” ma’lum qildi.

Alisher Usmonov. Foto: gazeta.ru

Foto: “Gazeta.ru”

“USM xoldingi asoschisiga qarshi qo‘llangan sanksiyalar asossiz va adolatsiz deb hisoblaymiz. Gap USM guruhi korxonalariga ta’sir etmaydigan shaxsiy sanksiyalar haqida ketayotganini ta’kidlaymiz”,— deyiladi kompaniya xabarida.

Matbuot xabarida aytilishicha, Alisher Usmonov USM xoldingi bosh kompaniyasi ustav kapitalining 50 foizidan kamrog‘iga egalik qiladi hamda guruh korxonalarini o‘z nazoratiga olmaydi.

“Shunday qilib, Alisher Usmonovning Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilishi xolding kompaniyalari uchun hech qanday cheklovlarni joriy qilmaydi”, — deb qayd etadi USM.

USM metallurgiya va tog‘-kon sanoati, telekommunikatsiya va texnologiyalar sohasidagi aktivlarni boshqaradi. Guruhga, Alisher Usmonov va uning hamkorlari tomonidan ishlangan turli loyihalarni konsolidatsiya qilish niyatida 2012-yilda asos solingan. 

USM aktivlari qatoriga “Metalloinvest”, “Udokanskaya med”, Akkerman Cement va “MegaFon” kompaniyalari kiradi. 

USM va O‘zbekiston

USM O‘zbekistonda turli loyihalarda qatnashadi. Masalan, Digital Holding — 2021-yilda uning tarkibiga Ucell, CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan kompaniyalari o‘tkazilgan edi.

Bundan tashqari, USM sho‘ba korxonalari O‘zbekiston bank sohasi (“Kapitalbank”) va sement ishlab chiqarishdagi (“Ohangaronsement”) aktivlarga egalik qiladi.

Avvalroq Germaniyada Alisher Usmonovning 156 metrli yaxtasi xatlovga olingani haqida xabar berilgan edi