Marhum sportchi, 2012-yilda o‘tkazilgan sambo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi Kamoliddin Rasulov o‘limi yuzasidan 2022-yilning 8-fevral kuni boshlangan sud majlisi 14-mart kuni yakuniga yetdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi sudlanuvchi Shuhrat To‘raboyevni marhum sportchi Kamoliddin Rasulovni o‘ldirganlikda aybdor deb topib, uni 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Foto: “Daryo”

“Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi ‘j’ bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topildi va unga nisbatan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchining umumiy tartibli jazo koloniyalarida jazo o‘tashi va jazo muddati 2021-yilning 14-sentabrdan deb boshlanishi belgilandi”, — dedi sudya Husan Hamidov.

Sudya sud hukmidan norozi tomonlar hukm e’lon qilingan kundan boshlab, mahkum va jabrlanuvchining qonuniy vakillari esa hukm nusxasini olgan kundan boshlab 20 sutka ichida Toshkent shahar sudining appelatsiya instansiyasiga shikoyat berishi mumkinligini tushuntirdi.

Marhum sportchining yaqinlari.

Foto: “Daryo”

Sambo bo‘yicha jahon chempioni 29 yoshli Kamoliddin Rasulov 2021-yilning 13-sentabr kuni soat 21:30 da Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi ko‘p qavatli uylar oldida boshqa bir sportchi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgandi. Bosh prokuratura axborot xizmatining rasmiy ma’lumotida chempion yigitning pichoqlanishiga uning gumonlanuvchi tanishiga “Humo Trop” vitaminini tavsiya qilgani, oqibatda esa gumonlanuvchining sog‘lig‘i yomonlashgani, shifokorlar bu kasallikning davosi yo‘qligini bildirgani xabar berilgandi.

Marhum sportchining yaqinlari.

Foto: “Daryo”

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida so‘z olgan guvoh ham tanishi, sudda ayblanuvchi sifatida ishtirok etayotgan Sh.T. marhum Kamoliddin Rasulov tavsiya qilgan vitaminni aytilgan miqdordan ko‘ra ko‘proq iste’mol qilgani sabab sog‘lig‘i yomonlashganini, kechalari issig‘i chiqib, uxlolmaydigan bo‘lib qolganini aytdi. Voqea sodir bo‘lgan kuni pichoqdan jarohatlangan sportchini ikki kishi quvlab ketayotganini jamoatchilikka oshkor qilgan “Markaziy studiya” ko‘rsatuvi muxbiriga intervyu bergan noma’lum suhbatdosh esa vitaminni qabul qilgan sportchiga shifokorlar endi o‘lasan, deb aytishganini, sportchi shu sabab men o‘lsam, uyam o‘ladi, deya marhumni pichoqlaganini aytgandi.