O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva Instagram’dagi sahifasi orqali muxlislari bilan muloqot qilib, ilk marta jigar saratoniga chalingani hamda Turkiyada davolanishi uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev unga moddiy yordam bergani haqida so‘zlab berdi. Quyida Ra’no Shodiyevadan avval og‘ir kasalliklarni boshdan kechirgan o‘zbekistonlik mashhurlarni bir sahifaga jamlaymiz.

Saida Rametova

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametovada 2020-yili 2-darajali ko‘krak saratoni aniqlandi.

“Ayni pandemiya avjiga chiqqan paytda bir guruh ijodkorlar bilan Turkiyada “Jaloliddin Manguberdi” serialida suratga tushayotgandik. Uydagilar qo‘ng‘iroq qilib ketma-ket qaynsinglim va tug‘ishgan opamdan ayrilganimni aytishdi. Yaqinlarimni so‘nggi manzilga kuzatolmadim, deb rosa yig‘ladim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay chap ko‘kragimda og‘riq paydo bo‘ldi, shamol tegdi, deb taxmin qildim. Ammo og‘riq zo‘rayib boraverdi.

Foto: “Daryo”

Hamkasbim Tohir Saidov shifokorga ketayotgan ekan, men ham ko‘rikdan o‘taman, deb unga ergashdim. Tohirni besh daqiqada ko‘rikdan o‘tkazishdi, meni esa ancha vaqt tekshirishdi. Keyin professor menda 2-darajali ko‘krak saratoni xastaligi aniqlanganini ma’lum qildi. Bir necha kundan keyin charter reys bilan Toshkentga qaytdik.

Men tabiatan ta’sirchanman, hamma narsani yuragimga olaman. Boshida men ham biroz qo‘rqdim, o‘z nomi bilan judayam xunuk bu kasal. Lekin umid qilsangiz, hali men muxlislarimga kerakman, hali ijod qilaman, hali sahnaga chiqaman, bolalarimga kerakman, onamga, ukamga, opa-singillarimga kerakman, desangiz va katta-katta maqsadlar bilan yashasangiz, Allohning o‘zi umr ham berar ekan. O‘zbekistonga qaytib ximyalarni oldik, operatsiyalardan yaxshi o‘tdik. Albatta, san’atni tark etmayman, Xudo xohlasa, oxirgi nafasimgacha Allohdan 90-100 ga kiray, deb niyat qilaman. O‘shangacha sahnani tark etish yo‘q”, — deydi ustoz san’atkor.

Asilbek Ne’matov

“Boylama” qo‘shig‘i orqali mashhurlikka erishgan xonanda Asilbek Ne’matov bir necha yil oldin og‘ir dardga chalinib, ijodiy faoliyatida tanaffus qilishga majbur bo‘lgan.

Foto: Instagram

“Kasallik 2007-yil avgustda boshlangan edi. 2-3 yil vaqtimni oldi bu dard. Rus tilida “Panicheskiy nevroz” (xavotir nevrozi) deyiladi. Bu kasallikda odamga hech narsa yoqmaydi, odamlarning ichiga kirgingiz kelmay qoladi. Faqat yomon xayollar miyangizga keladi. Endi bu holatni menga ko‘pchilik “o‘qitvorishgan, ichingga jin kirgizvorishgan”, deb izohladi. 3-4 yil atrofingizdagi odamlar senga shunday qilishgan, deyaverishsa, bunga o‘zingiz ham ishonib ketar ekansiz. Vaholanki, meni shifokorlar tuzatdi.

Bir tabib bor ekan, juda qimmatga dorilar qilib bergan. Uni zarar bo‘lgan demayman, organizm tozalangan bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘proq asab tizimi bilan bog‘liq ekan. Juda quvvatim yo‘q bo‘lib ketgandi. Har kecha “ertaga uyg‘onarmikanman?” deb uxlardim. To‘rt yil bunday azobdan keyin chiqib intervyu qilib o‘tirish ham menimcha, mo‘jiza”,— degandi xonanda.

Parizoda Bo‘rixo‘jayeva

“Tohir va Zuhra” filmining yangi talqinidagi variantida Zuhra rolini o‘ynagan aktrisa Parizoda Bo‘rixo‘jayeva shifokorlarning qo‘rqinchli tashxisiga qaramay, og‘ir kasallikni yengib o‘tgan.

Foto: Instagram

“Qiyinchiliklar hammada bo‘ladi. Taxminan 25 yoshimda, turmushga chiqqanimdan bir necha yildan so‘ng sog‘lig‘im bilan muammolar bo‘lgan. Bu sinov hayotimni juda qattiq o‘zgartirgan. O‘sha vaqtda shifokorlar “Yo‘q, siz tuzalib ketmaysiz, bu narsa tuzalmaydigan kasal”, deyishgandi. Bu muammo nafaqat men uchun, balki tepadan butun oilam uchun berilgan. Kasallik tufayli kim qanaqaligini, menga qanaqa munosabatdaligini bildim. O‘sha paytda turmush o‘rtog‘im va yaqinlarim meni qanday e’zozlashini ko‘rdim.

Otamning bir gaplari bor: “Sinov ham odamning kuchiga qarab beriladi. Kuchli odamga kuchli sinov beriladi. Zaifroq insonga yengilrog‘i beriladi”. Men tabiatan qo‘rqoq odamman, balandlik va tezlikdan qo‘rqaman. Lekin o‘sha paytda ichimdan “hali tuzalib ketaman, hammasi yaxshi bo‘ladi”, degan katta kuch topganman. Sinovdan turmush o‘rtog‘im bilan birga o‘tganmiz. U kunlarni eslasam, ko‘zimga yosh keladi”, — deydi Parizoda Bo‘rixo‘jayeva.

Sherali Jo‘rayev

2021-yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning og‘ir ahvolda ekani yoki vafot etgani to‘g‘risida turli mish-mishlar tarqaldi. Ozib ketgan san’atkorning choy ichayotgani aks etgan video uning og‘ir kasal ekani haqidagi mish-mishlarga sabab bo‘ldi.

Foto: Instagram

Ma’lum vaqt o‘tib, Sherali Jo‘rayevning kenja o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayev otasi bilan bog‘liq gap-so‘zlarga oydinlik kiritgan.

“Dadam olti oycha muqaddam ko‘richak kasali bilan og‘rib qolgandilar. Hozir tarqalayotgan videolavhalar o‘sha vaqtda suratga olingan. Hozir dadamning ahvollari juda yaxshi. Ortiqcha vahima va xavotirlarga o‘rin yo‘q. Dadam hozir O‘zbekistondalar, ularning chet elda davolanayotganlari haqidagi ma’lumotlar ham asossiz. Ayni vaqtda davlat tadbiriga tayyorgarlik ko‘rmoqdalar”, — degan edi Zohirshoh Jo‘rayev.

Mahmud Ismoilov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shohida Ismoilova bir intervyusida turmush o‘rtog‘i Mahmud Ismoilov og‘ir kasallikni boshidan o‘tkazgani haqida shunday degandi:

“Mahmud aka bir nechta operatsiyalarni boshlaridan o‘tkazdilar. Lekin hech kim qarab turmadi. Ayniqsa, teatrimizning bugungi kundagi rahbari Yodgor akaga, rahmat, degan bo‘lardim. Chunki mablag‘ borasida ancha yordam berdilar, sharoit yaratib berdilar. Kimgadir kerak bo‘lib yashash — bu baxt bo‘lsa kerak. Ustoz san’atkorlarimizning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlashdi. Ayniqsa, qiyin paytlarimiz kasalxonada necha oylab yotdik. Sabr qilsak, hamma narsa bo‘lar ekan. Baribir ishonch va umid insonning qaddini tik tutishiga yordam berar ekan. Noumid shayton deyishadi-ku.

Foto: “Daryo”

Hozirda Mahmud akam uyda o‘tirib qola olmaydilar, agar uyda kasalman, deb o‘tirib qolsa, hech qachon o‘rinlaridan turmaydilar, deb o‘ylayman. Hozir ham teatrga repetitsiyalarga borib turibdilar. Men har doim ularga kuch bag‘ishlab turaman, o‘zimning so‘zim bilan “siz kuchlisiz, inson kuchli bo‘lishi kerak”, deb aytaman. Oilada bir-birini tushungan insonlar baxtli bo‘ladi. Hayot faqat yaxshi kunlardan iborat emas. Uning hayotida o‘nqir-cho‘nqir kunlar bo‘ladi. Inson ana shunday kunlardan mardonavor o‘tishi ham mardlik hisoblanadi.

Mahmud aka bilan turmush qurganimizga 40 yil bo‘ldi. Ular kasal bo‘lganlarida Mahmud akani yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqdim. Gohida kasalxonalarda birga yotdik. Kasalxonada pandemiya vaqtida joy yetmay qolgani uchun yerda yotgan odamlarni ham ko‘rdim. Namozlarimda xudodan faqat ularning sog‘ayib ketishlarini so‘radim. Ularsiz men nima qilaman, degan fikr qo‘rqitdi. Nega men umidsiz bo‘lishim kerak, umidli dunyo-ku, bu dunyo, men tushkunlikka tushsam, Mahmud akani qanday oyoqqa qo‘yaman, deb o‘ylardim. Operatsiyalarga kirganlarida o‘tirib yig‘lab-yig‘lab olardim.

Shunday kunlarimda, ayniqsa, qizlarim menga dalda berishdi. Uchta qizning orqasidan o‘g‘il topganman. Kuyovlarimni tarbiyalagan ota-onalariga ming rahmat deyman. Men bilan almashib shifoxonada navbatchi bo‘lib turishdi. Yelishdi, yugurishdi. Uch martalab Hindistonga borib kelishdi. Ularga, katta rahmat, aytaman”, — deydi Shohida Ismoilova.

Muqaddas Xoliqova

O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova ikki marotaba yurak xurujini yengib o‘tgan. U mazkur xastalikni ilk bor 2013-yilda boshdan o‘tkazgan bo‘lsa, 2017-yilning boshida ham shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan.

“O‘zimni asrab-avaylay olmaganim uchun yuragim ham erkalik qildi. Avvalgidek, kuch-quvvatga to‘laman, deb o‘ylab adashibman. Kuchli va tetik ko‘ringanimiz bilan yurakning holatini tashqaridan turib bilib bo‘lmaydi. Ammo endi bu borada o‘zim, umr yo‘ldoshim, farzandlarim ham ko‘proq diqqatli bo‘lyapmiz. Ayol kishi har doim, ishda ham, shaxsiy hayotda ham o‘zini biroz ayashi, sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi shart ekan.

Foto: Instagram

Ikkinchi bor xastalikka uchraganimdan so‘ng har bir daqiqa, soat, kun, umuman yashashning qadrini seza boshladim. Shifoxonadaligimda hamkasblarim, tanish-bilishlar hatto yaqinlarim ham “Bo‘ldi, ishingni yig‘ishtir, sog‘liq kerak” degan gaplarni aytishdi. To‘g‘ri, ular menga bo‘lgan mehribonchilik tufayli shunday deyishgan. Biroq buning iloji yo‘q-da. Men yashayapmanmi, demak, undan to‘g‘ri foydalanishim va ish bilan band bo‘lib, san’atimni ko‘rsatishim kerak. Bugun men har doimgidan-da ko‘proq ishlab, ijodda bo‘lishga harakat qilyapman. Teatrsiz o‘zimni hayotda tasavvur etolmadim”, — degan edi u bir intervyusida.

Oyxon Eshonxonova

Xonanda Oyxon Eshonxonova ham og‘ir xastalikni boshdan o‘tkazgan. U ovqatdan zaharlanish oqibatida uzoq vaqt tanasidagi toksinlar bilan “kurashgan”. Hatto bir necha bor murakkab jarrohlik amaliyotini ham boshdan kechirgan.

Foto: Instagram

“Immunitetim nihoyatda past. Shu bois farzandlarim sog‘lig‘imga jiddiy e’tibor berishadi. Kundalik ovqatlanish ratsionim ham hamisha e’tiborda. Sport bilan muntazam shug‘ullanaman va tabiiy usullarda immunitetimni ko‘tarishga harakat qilaman. Chunki dori-darmondan charchaganman”, — deydi qo‘shiqchi.

Rashid Xoliqov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xoliqov to‘qqiz yil oldin artroz kasalligiga chalinib, hatto shifokorlardan yaqin vaqt ichida vafot etishi haqida gaplar ham eshitgan.

Foto: Instagram

“2013-yili ko‘plab oilaviy do‘stlar bilan Bali oroliga dam olishga borganmiz. O‘sha yerda qandaydir hashorat chaqib olgan. Infeksiya sabab o‘ng oyog‘imda og‘riq paydo bo‘lgan. Toshkentda bir shifokorlarga uchraganman, u “bu shamollagan”, deb oyog‘imni qizdirgan. Natijada infeksiya battar ko‘paygan, og‘riq tizzaga tushgan va shu bilan muammo boshlanib ketgan.

Qisqasi, O‘zbekistonda bunga to‘g‘ri tashxis qo‘ya olishmagan. “Shuncha yashaganing yetadi, tayyorgarligingni ko‘raver”, —degan gaplar ham aytilgan. Sakkiz oy bir joyga mixlanib qolganman. Bizni shifokorlar kichkina kasalligimni katta qilib yuborishgan.

Shundan keyin internet orqali Germaniyaning Gamburg shahridagi mashhur bir endoklinikani qidirib topganman va bog‘langanman. Ularga barcha vaziyatni aytganimdan keyin “Senda artroz kasalligi bor, Germaniyaga kelib, davolanishing kerak”, — deyishgan. Gamburgga borib, vrachlarga uchraganman. Infeksiya sabab o‘ng oyog‘imdagi bo‘g‘imlarning qurib borishi tezlashgan ekan. Nemis shifokorlarning o‘zbek hamkasblari qo‘ygan qo‘pol va noto‘g‘ri tashxisdan juda jahli chiqqan. Chet el vrachlar sabab shifo topganman. Xudoga shukr hammasi ortda qolib ketdi”, — deydi xonanda.

Xosiyat Husanova

Taniqli kino va teatr aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Xosiyat Husanova 14 yil avval mudhish avtohalokatga uchrab, omon qolganini quyidagicha xotirlaydi:

“2008-yilning may oyida avtohalokatga uchradim. O‘shanda juda qattiq avariya bo‘lib, o‘zimning ko‘z oldimda o‘zim o‘ldim. Damas avtomashinasi Nexia’ga urilib, undan qochib, daraxtzorga kirib ketdik va katta chinor daraxtiga aynan men o‘tirgan joy tegganidan so‘ng Damas yig‘ilib qolgan. Men o‘sha paytda yo‘lidan to‘xtab, bizga yordam bergan haydovchilarni haligacha duo qilaman.

Foto: Instagram

Avariya oqibatida tos suyaklar umuman maydalanib ketgan, son ikkiga bo‘linib, yuzimning yarmi yo‘q bo‘lgan. Yuzim bu holatga qaytadi, deb o‘ylamagandim. O‘shanda “Oyoqqa turmaydi, bir umr kolyaskada o‘tiradi, ko‘rpaga mixlanib qoladi”, degan gaplarni ham eshitganman. Bu gaplarni eshitganingda tugarkansan odam. Undan ko‘ra o‘lgan yaxshi-da. “Nega meni qutqarishdi, nimaga men o‘sha joyda o‘lib keta qolmadim?”, degan fikrlar hayolimdan kechgan.

Bir yil bir joyda yotgan bo‘lsam, ich-etimni kemirib, adoyi tamom bo‘lganman. Choyshabimni almashtirish uchun to‘rt nafar odam kerak bo‘lardi. Ichimda temir, tashqarimda temir... hozir ham qolib ketgan temirlar bor. To‘rt nafar odam stoldek to‘g‘ri, tekis ko‘targan paytda choyshabimni almashtirib olishardi. Yotgan joyimda sochiqda yuvintirishardi.

Ustozim Yoqub Axmedovga, hamkasblarimga katta rahmat. Tanigan, tanimaganlar ham ko‘rgani borishgan. Oylik maoshimni vaqtida uyimga yetkazib turishgan. “Otasiz qolgan farzandimni kim boqadi, men oyoqqa turishim kerak”, degan qattiq maqsadni oldimga qo‘yganman. Bir yildan so‘ng o‘rnimdan turishni o‘rgatishdi, qo‘ltiqtayoqda yurishni o‘rgandim. Bir yilda qo‘ltiqtayoqni ham tashladim. Dardini bergan Allohim shifosini ham berarkan. Qizimning baxtiga omon qoldim. Bu Allohning menga bergan mo‘jizasi-da. Mazkur voqeadan keyin, ya’ni 2015-yilda 47 yoshimda o‘g‘il farzandli bo‘ldim. Bu ham bir baxtim”, — deydi Xosiyat Husanova.