2021-yilning noyabrida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida 70 yoshli M.A. qo‘shni ayolni o‘tkir tig‘li o‘roq bilan jarohatlab, uning qotiliga aylangani to‘g‘risida xabar berilgandi. “Zo‘r TV” telekanalining “Bu kun” dasturida ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudida sudlanuvchiga nisbatan hukm o‘qilgan.

2021-yilning 24-noyabr kuni “Gajdumak” mahallasida obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Fuqaro M.A. soat taxminan 08:30 larda daraxtlarni butalashga chiqqan. Shu vaqtda 55 yoshli qo‘shni ayol J.M. u butalayotgan daraxt o‘ziga tegishli ekanini aytib, daraxt tanalarini noo‘rin kesayotganiga e’tiroz bildirgan. Ikki qo‘shni o‘rtasida o‘zaro janjal boshlangan. M.A. esa jahl ustida qo‘lidagi ish quroli – o‘tkir tig‘li o‘roq bilan J.M.ning chap ko‘krak sohasiga bir marotaba qasddan qattiq jarohat yetkazgan. Oqibatda ayol olgan tan jarohati natijasida voqea joyida vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, ikki qo‘shni o‘rtasida avvaldan o‘zaro kelishmovchilik bo‘lib kelgan. Har ikki oila ham 2014-yildan buyon mahalla fuqarolar yig‘inidagi notinch oilalar ro‘yxatida turadi.

Sud sudlanuvchi M.A.ga nisbatan jazo tayinlashda uning 71 yoshda ekani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi va aybiga to‘liq iqrorligi, shuningdek, ijobiy o‘tmishini inobatga olgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-modda (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq Toshkentdagi “Malika” savdo majmuasida sotuvchini pichoqlab o‘ldirgan yigit 10 yilga qamalgani, Navoiyda kuyovini pichoqlab o‘ldirgan qaynota 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgani, Andijonda 32 yoshli fuqaro qarzini so‘rab kelgan ayolni pichoqlab o‘ldirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.