Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Yevropa va AQSHga tabiiy gazni rublda sotish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi.

Foto: “RIA Novosti”

“Tovarlarimizni Yevropa Ittifoqi, AQSHga yetkazib berib, to‘lov uchun dollar, yevro va boshqa valyutalarni olishdan ma’ni yo‘qligi ochiq-oydin. Shuning uchun eng qisqa vaqt ichida to‘lovlarni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish qarorini qabul qildim, dastlab do‘st bo‘lmagan deb ataluvchi davlatlarga tabiiy gazimizni Rossiya rublida yetkazib berishdan boshlaymiz. Ya’ni bunday hisob-kitoblarda o‘zini obro‘sizlantirgan barcha valyutalardan foydalanishni rad etamiz”, — deydi Putin.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya tabiiy gazni avval tuzilgan shartnomalarda belgilangan hajm va narx tamoyillariga muvofiq yetkazib berishda davom etadi.

“Ayrim sheriklarimizdan farqli o‘laroq, biz ishonchli hamkor va yetkazib beruvchi sifatidagi obro‘yimizni qadrlaymiz. O‘zgarishlar faqat valyuta to‘lovlariga taalluqli bo‘lib, u Rossiya rubliga o‘zgartirildi”, — deydi Rossiya prezidenti.

“Roskosmos” bosh direktori Dmitriy Rogozin ham shu kabi bayonotni bergan. “Endilikda biz ham barcha tashqi shartnomalarimizni rublda tuzamiz”, — deydi u.

Avvalroq Putin g‘arb davlatlarining sanksiyalariga qarshi javob choralarini ko‘rish bo‘yicha farmon imzolagan edi. Hujjat bilan xorijiy valyutani o‘z xorijiy hisob raqamlariga kiritish, xorijiy to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlarga “elektron to‘lov vositalaridan foydalangan holda” pul o‘tkazish va kredit shartnomalari bo‘yicha norezidentlarga chet el valyutasini o‘tkazish taqiqlandi. Shuningdek, Rossiya 16-mart kuni 117 million dollarlik foiz to‘lovlarini investorlarga jo‘natishni buyurgan va bir asrdan ko‘proq vaqt ichida birinchi xalqaro defoltning oldini olishga urinmoqda.